Interpol milliy markaziy byurosi xodimlari ko‘p marotaba firibgarlik sodir etishda gumonlangan shaxsni Managuadan Toshkentga olib keldi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Uni olib kelish O‘zbekiston TIV, AQShning Anqara, Panama, Meksikadagi bojxona va chegara xizmatlari, Rossiya IIVning Nikaraguadagi vakili, AQSh Davlat departamenti Diplomatik xavfsizlik xizmatining Toshkent, Istanbul, Managua, Panama, Meksikada xorijdagi jinoiy ishlarni tergov qilish bo‘limlari yordami bilan amalga oshirilgan.

Masofa, vaqtdagi katta farq va bir qator sabablarni hisobga olib, gumonlanuvchini tranzit qilish va o‘tkazish bo‘yicha barcha tartiblar Bosh kotibiyatning Qo‘mondonlik va muvofiqlashtirish markazi va O‘zbekistondagi Interpolning milliy markaziy byurosi tomonidan muvofiqlashtirilgan.

“Juda ko‘p mamlakatlarning xizmatlari jalb qilingani ajablanarli emas, chunki gumonlanuvchining izi uzoq Markaziy Amerikada yo‘qolgan. U boshqa qit’ada yashirinib, yana jinoiy faoliyat — noqonuniy migratsiya, xorijiy fuqarolarni Lotin Amerikasi davlatlari orqali AQShga o‘tkazish bilan shug‘ullangan”, — deyiladi xabarda.