29-avgust kuni tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Bangladeshning favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Muhammad Monirul Islomning ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Muhammad Monirul Islom 2020−2023-yillarda Bangladeshning Toshkentdagi elchixonasiga rahbarlik qilgan Muhammad Jahongir Alam o‘rnini egalladi.

Vazir elchining ushbu yuqori lavozimga tayinlangani bilan qutlab, kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tiladi. O‘zbekiston va Bangladesh izchil iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ko‘rsatayotgani, maqsadlar mushtarakligi, hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Tashqi ishlar vazirligi o‘zaro aloqalarni barcha sohalarda jadallashtirishga tayyorligi ta’kidlandi, deyiladi xabarda.

Yangi elchi 48 yoshda. 2001-yildan buyon Bangladesh TIV tizimida ishlab kelmoqda. U bu lavozimga tayinlangunga qadar o‘z mamlakatining Istanbul va Nyu-Yorkdagi bosh konsulliklarida ishlagan.