28-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim sifati, o‘quvchi o‘rni hamda o‘qituvchilar malakasi bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida muallimlarga malaka toifasini berish ikki bosqichda amalga oshirilishini ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Birinchi bosqichda pedagogning bilimi dastlabki imtihonda baholanib, 70 foizdan ko‘p ball to‘plaganlar ikkinchi bosqichga o‘tadi. Ikkinchi bosqichda ilg‘or pedagogik texnologiyalarni qo‘llashi, o‘quvchilar bilan ishlash metodikasi va baholashdagi yondashuvlari tekshiriladi.

Shundan so‘ng bilim va mahorati natijalariga qarab muallimga malaka toifasi beriladi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yil yakuniga qadar yangi tajribani o‘qituvchilarning bilim darajasi past bo‘lgan 20 ta tumanda sinovdan o‘tkazishga topshiriq berildi.

Shuningdek, pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlar alohida yondashuv asosida rivojlantiriladi. Buning uchun Oliy ta’lim vazirligida pedagogik ta’limga mas’ul vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritiladi.

Vazirlikda pedagogik ta’lim bo‘yicha alohida kengash tuzilib, unga pedagogika oliygohlari rektorlari kiritiladi. Toshkent va Chirchiqdagi pedagogika universitetlarida o‘qituvchilar Prezident maktabi dasturi asosida tayyorlanadi. Bu oliygohlar pedagogika yo‘nalishidagi institutlar uchun “tayanch oliygoh” bo‘ladi.

Yig‘ilishda kelgusi o‘quv yilidan kadrlar yetishmaydigan, og‘ir maktablar oldindan tanlanib, ular uchun maqsadli davlat buyurtmasi joriy qilinishi belgilandi. Ya’ni kelgusi yillardagi talabni hozirdan aniqlab, zarur mutaxassisliklar bo‘yicha muallimlarni oldindan tizimli tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Maqsadli buyurtma asosida o‘qituvchilarni tayyorlash to‘liq davlat grantiga o‘tkaziladi.

Kelgusi o‘quv yili uchun pedagogika oliygohlarining qabul kvotalarini belgilashda ushbu yangi tartib nazarda tutiladi.