23-avgust kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyasi, AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda Winrock International xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish instituti vakillari o‘rtasida xalqaro ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Yig‘ilish yakunida USAID IIV va uning hududiy bo‘linmalariga umumiy qiymati qariyb 50 ming dollarga teng ofis jihozlari (kompyuterlar, noutbuklar, printerlar, proyektor va devor ekranlari)ni topshirdi. Ular odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona markazlashtirilgan axborot bazasining samarali faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida taqdim etildi.

Yagona markazlashtirilgan axborot bazasiga odam savdosi jabrdiydalariga ko‘rsatilayotgan yordam xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham kiritiladi. Ushbu ma’lumotlar qo‘llab-quvvatlash xizmatlaridagi kamchiliklarni aniqlashga va odam savdosidan jabrlanganlar uchun xizmatlarni yaxshilash bo‘yicha dalillarga asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqishga yordam beradi.

usaid, иив

“Ushbu dastur amaliyotchilarga tizimdan samarali foydalanish uchun zarur ko‘nikma va bilimlarni beradi. Bugun biz amaliyotchilarning ma’lumotlar bazasida tahliliy vositalardan foydalanishga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari uchun o‘quv mashg‘ulotlarini ham o‘tkazmoqdamiz”, — dedi Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiya mas’ul kotibi, IIV Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i Narimon Raximov.

Mazkur yordam Winrock International xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish instituti filiali tomonidan amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya” (MICA) loyihasi doirasida taqdim etildi.