Joriy yil maktablarni tamomlagan 138 ming o‘quvchi oliygohlarga kirdi, yana 54 mingtasi professional ta’lim bilan qamrab olindi, biroq qolgan 195 ming nafar o‘quvchining taqdiri noaniq qoldi. Bu haqda 28-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’kidlandi.

“Ular ertaga ish topa olmasa, kim bo‘lishi haqidagi savollarga na viloyat va tuman hokimlari, na soha mutasaddilarida javob yo‘qligi ta’kidlandi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati rahbari xabarida.

Shundan kelib chiqib, davlat rahbari kelgusi rejalarni ma’lum qildi. Unga ko‘ra, yuqori sinfda o‘qitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga qisqartiriladi.

Oliygohga kirishga ishtiyoqi bor bo‘lgan 10−11 sinf o‘quvchilariga “kimyo — biologiya”, “matematika — fizika”, “matematika — chet tili”, “ona tili va adabiyot — chet tili” fanlari ularning tanlovi asosida chuqurlashtirib o‘qitiladi. Kasb-hunar egasi bo‘lish istagidagi o‘quvchilarga esa maktabning o‘zida tayyor mutaxassis bo‘lib yetishib chiqish imkoniyati yaratiladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga sentabrdan boshlab ushbu tajribani salohiyati va tayyorgarligi bor 135 ta maktabda yo‘lga qo‘yish topshirildi. Kelgusi o‘quv yilidan kamida 1 mingta maktab ushbu tizimga o‘tkaziladi, deyiladi xabarda.

Darslarning mazmuni ham o‘zgarishi ta’kidlandi. Bunda 1-sinfdan kompyuter savodxonligi, yuqori sinflarda moliyaviy savodxonlik darslari joriy etiladi.

Shuningdek, bu yil maktab darsliklariga budjetdan 920 milliard so‘m ajratildi, boshlang‘ich sinflar uchun to‘liq yangi darsliklar ishlab chiqildi.

Boshlang‘ich sinflar uchun tayyorlangan darsliklarning ikkinchi qismini ham to‘liq hajmda chop etishga topshiriq berildi.