27-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan bir guruh harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini orden va medallar bilan taqdirladi.

Mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov Qurolli kuchlarining jangovar tayyorgarligini oshirishdagi alohida xizmatlari, milliy manfaatlarni himoya qilish, qonun ustuvorligi va tinchlikni ta’minlash, sohada yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ko‘p yillik samarali mehnati uchun I darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlandi.

Ordenning eng yuqori darajasi I darajalisi bo‘lib, u odatda kamida uch yil oraliq bilan, II daraja va I daraja ketma-ketligida topshiriladi. I darajali “Shon-sharaf” ordeni olganlarga BHMning 40 baravari (13,2 mln so‘m), II darajalisi uchun BHMning 30 baravari (9,9 mln so‘m) miqdorida bir martalik mukofot puli beriladi.

Oxirgi marta I darajali “Shon-sharaf” ordeni 2019-yilda Davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchisi Ravshan Abdullaxonovga berilgandi.

“Mardlik” ordeni bilan bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov, Ichki ishlar vazirligi xizmat boshlig‘ining o‘rinbosari Nodir Abdullajonov, Ichki ishlar vazirligi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tezkor vakili Kamoliddin Baybutayev, Bosh prokuratura boshqarmasi katta tergovchisi Ne’matjon Kuchkarov va boshqalar taqdirlandi.

Bosh prokurorning yana bir o‘rinbosari Svetlana Artikovaga “Do‘stlik” ordeni berildi. Ushbu mukofot Toshkent shahri prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Irina Babayan, Toshkent shahri IIBB Ekspert kriminalistika markazi boshlig‘i Stanislav Pak va Oliy sud raisi o‘rinbosari Xalilillo Turaxujayevga ham topshirildi.

Mudofaa vazirligi Tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashg‘ulot markazi katta yo‘riqchisi Rustam Tog‘ayev vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

Mukofotlar prokuratura, ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qator xodimlari va rahbarlari tomonidan ham qabul qilindi.