Polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Tashxodjayev Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”ga O‘zbekiston IIV matbuot xizmati.

2022-yil fevral oyidan buyon Toshkent viloyati IIB Tergov boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Ungacha esa 2020-yil yanvaridan Farg‘ona viloyati IIBga rahbarlik qilib kelayotgan edi. Prezident YTHlar sonini kamaytirish borasida Farg‘ona viloyati tajribasini yuqori baholadi. Viloyatda avariyalar soni 31 foizga, halok bo‘lganlar 21 foizga, piyodalar ishtirokidagi YTHlar 37 foizga kamaydi, deyilgandi o‘shanda.

Biroq fevral oyida Doniyor Tashxodjayev iste’foga chiqqani ma’lum bo‘ldi. IIV “So‘nggi yillarda Farg‘ona viloyatida jinoyatchilik, xususan, o‘g‘irlik va firibgarlik holatlari keskin oshgani”ni ma’lum qildi.

Doniyor Tashxodjayev 2019—2020-yillarda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — IIV Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Bungacha u Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining o‘rinbosari — Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i, avvalroq — IIBB boshlig‘i o‘rinbosari — Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.