Parijdagi elektrosamokatlarni ijaraga beruvchi kompaniyalar o‘z transport vositalarini ko‘chalardan yig‘ishtira boshladi, deya xabar bermoqda Le Figaro.

Shahar hokimiyati aprel oyida bu masala yuzasidan refendum o‘tkazdi. Unda ishtirok etganlarning aksariyati elektrosamokatlarni ijaraga beruvchi kompaniyalar bilan shartnomani uzaytirmaslikni bildirgan va natijada bu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi Dott, Lime va Tier kompaniyalari bilan shartnomalar yangilanmadi.

Amaldagi shartnoma muddati 1-sentabrda tugaydi, bu sanagacha shahar ko‘chalaridan 15 mingta elektrosamokat yig‘ib olinishi kerak. Tier Mobility kompaniyasi kuniga 450 ta transport vositasini ko‘chalardan yig‘ib olayotganini, shartnoma muddati tugashiga yaqin qolganda kuniga 750 ta elektrosamokatni yig‘ishtirib olishini ma’lum qildi.

Mazkur uchta kompaniya transport vositalarida texnik xizmat va profilaktika ishlarini o‘tkaziganidan keyin ularni Fransiyaning boshqa shaharlari, shuningdek, Germaniya, Polsha, Belgiya, Italiya va Isroilga jo‘natmoqchi.

Endilikda bu kompaniyalar Parijda elektrosamokatlar o‘rniga elektrovelosipedlar ijarasi bilan shug‘ullanadi. Kompaniya vakillarining aytishicha, ular bu transport turi ijarasiga talab ortib borayotganini kuzatmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Ann Idalgo boshchiligidagi Parij meriyasi aprel oyida shaharda elektrosamokatlarni ijaraga beruvchi kompaniyalar bilan shartnomani yangilash masalasi bo‘yicha referendum o‘tkazgandi. Ishtirokchilarning aksariyati referendumda qarshi ovoz bergan. Jarayonda shahar aholisining 8 foizi ishtirok etgani uchun elektrosamokatlarni ijaraga beruvchi kompaniyalar bu ovoz berish aholining fikrini yetarlicha aks ettirmasligini (reprezentativ emas) ta’kidlamoqda.