Eslatma: materialda sudlanuvchilarning ismlari o‘rniga bosh harflar ishlatilgan, chunki sud ayblanuvchilarning shaxslari OAVda ko‘rinmasligi va ularning ismlari ko‘rsatilmasligi haqidagi advokatlarning iltimosini qanoatlantirgan. Biz avvalroq advokatlar ba’zi OAVlarni aybsizlik prezumpsiyasi tamoyilini buzganlikda ayblagani haqida ham yozgandik. Sud, shuningdek, jarayonni onlayn translyatsiya qilishni taqiqladi. Qayd etish joiz, sudlanuvchilarning to‘liq ismlari Oliy sud veb-saytida mavjud.

Kamida 65 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan Hindistonning Marion Biotech kompaniyasiga tegishli dorilari yuzasidan Toshkent shahar sudida bo‘lib o‘tayotgan sud majlisida advokatlar Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari S.K.ni savolga tutdi.

Daryo nashrining yozishicha, advokatlardan biri sobiq rahbardan “Dok-1 Maks” siropi qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazilib, laborotoriya tekshiruvlaridan o‘tganida undagi zaharli moddani aniqlash imkoni bormidi?" deya so‘radi.

Sobiq mansabdor esa bu savolga “Yo‘q, baribir shu natija chiqar edi”, deya javob qaytarib, zaharli modda aniqlanmasdan qolishi mumkinligini tan oldi. “Lobaratoriya sinovi tasdiqlangan normativ hujjatlar asosida o‘tkazilishini inobatga olib aytsak, baribir o‘sha natija o‘sha natija bo‘lardi”, — dedi S.K.

Advokat esa “Laboratoriya tekshiruvida ham siropdagi zaharli moddani aniqlab bo‘lmasdi, shundaymi?”, deya aniqlashtiruvchi savol berdi. “Yo‘q, chunki lobaratoriya ham tasdiqlangan normativ hujjatlar asosida tekshiradi”, — dedi sudlanuvchi.

Javobdan so‘ng advokat savol berishda davom etdi: “Demak, istalgan ishlab chiqaruvchining dorisi bilan yana shunday holat yuz berishi mumkin. Ya’ni dori qonuniy olib kirilsada, laboratoriya tekshiruvi tasdiqlangan hujjatlarga ko‘ra o‘tkazilib, baribir ikkilamchi moddalar aniqlanmay qolib ketishi mumkin desak bo‘ladimi?”

“Xohlagan sohangizdagi ishlar kimdirlar tasdiqlagan tartib va reja bo‘yicha o‘tkaziladi, masalan mana shu sud majlisi ham belgilangan reglament bo‘yicha bo‘lib o‘tadi. Xuddi shunday bizning sohada ham kirib kelayotgan dorilar ekspertlarga beriladi, ekspertlar xalqaro tajriba asosida tekshiradi. Shu zanjir ketadi”, — dedi u.

Sobiq mansabdorning tushuntirishicha, dori ishlab chiqaruvchi belgilangan tartib bo‘yicha dori ishlab chiqaradi. Ya’ni bu holatni qaysi davlat bo‘lsa, undagi ekspertlar guruhi belgilab beradi. Ishlab chiqaruvchi esa aynan o‘sha tartib bo‘yicha dori ishlab chiqaradi. Hamda shu dorining normativ-huquqiy hujjatlarini tasdiqlaydi.

“Bizdagi markaz ekspertga tushgach, ekspert ana shu normativ-huquqiy hujjatlar asosida ishlab chiqaruvchi to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri, xalqaro standartlar asosida qilganmi, shuni aniqlab, tasdiqlab beradi. Va shu asosiy hujjat bo‘lib qoladi”, — deydi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari S.K.

Eslatib o‘tamiz, SSV huzuridagi Respublika sud tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy markazi va uning hududiy filiallari xulosalariga ko‘ra, “Dok-1 Maks” va “Ambronol” (sirop) dori vositalarini iste’mol qilgan 65 nafar bola o‘limiga mazkur dori vositalari tarkibidagi etilenglikol va diyetilenglikol yot moddalaridan zaharlanish sabab bo‘lgan. Doridan zaharlangan bolalarda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchiligi kelib chiqqan.

2023-yilning yanvarida Farmatsevtika agentligi Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasiga preparatlar partiyasida etilenglikol borligi, bu tibbiy qoidalarda belgilangan me’yordan 300 baravar yuqori ekanligi haqida ma’lum qilgandi. Buning o‘rniga uning tarkibida propilenglikol (bakteritsid ta’sirga ega oziq-ovqat qo‘shimchasi) bo‘lishi kerak edi, deyiladi xatda.

Sudda ayblanuvchilarning ta’kidlashicha, “Dok-1 Maks” siropi O‘zbekistonga dastlab 2012-yil olib kirilgan. 2021-yil 22-oktabr kuni “Dok-1 Maks” siropini ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasining muddatini uzaytirish uchun Davlat markaziga ariza topshirilgan. Hujjatlarda siropni ishlab chiqaruvchi Marion Biotech Pvt.Ltd kompaniyasining GMP sertifikati muddati 2021-yil 24-oktabr kuni tugashi qayd etilgan bo‘lgan.

Sud jarayonidan tayyorlangan boshqa reportaj va xabarlarni quyidagi havolalar orqali o‘qishingiz mumkin: