Rasmiy Pekin Xitoyning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lish uchun AQSh o‘zining barcha imkoniyatlarini ishga soladi, degan fikrda. Vashington esa Xitoy dunyoning yetakchi qudrati sifatida AQShni siqib chiqarishga urinayotganiga qat’iy ishonadi.

The Economist nashri yaqinda e’lon qilgan maqolasida tobora chuqurlashib borayotgan ushbu ziddiyat va bu ikki yirik qudrat o‘rtasidagi potensial urushning oldini olish imkoniyatlari to‘g‘risida amerikalik nufuzli diplomat, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Genri Kissinjerning mulohazalarini ulashdi. “Gazeta.uz” mazkur maqolaning eng diqqatga sazovor nuqtalarini o‘z o‘quvchilari e’tiboriga havola qiladi.

Genri Kissinjer — XIX asr diplomatiyasi bo‘yicha yirik olim, AQSh milliy xavfsizligi bo‘yicha davlat maslahatchisi hamda kotibi, shuningdek, so‘nggi 46 yil davomida monarxlar, prezidentlar, bosh vazirlarga maslahatchi va emissar sifatida faoliyat yuritgan. Qolaversa, u uzoq yillik faoliyati, kuzatuvlari va tajribasiga tayanib, tashqi siyosat, diplomatiya, dunyo tartibi singari mavzulardagi bir qator kitoblar va maqolalarga mualliflik qilgan. Shu yilning 27-mayida janob Kissinjer 100 yoshni qarshiladi. The Economist talqinicha, dunyoda biror shaxs yo‘qki, xalqaro munosabatlarda Genri Kissinjerdan ko‘proq tajribaga ega bo‘lsa.

ақш, генри киссинжер, россия, хитой

Genri Kissinjer. Foto: AP

Shu yil aprel oyining oxirida The Economist nashri Genri Kissinjer bilan Xitoy va Amerika o‘rtasidagi raqobat chinakam urushga aylanib ketishining oldini olish imkoniyatlari xususida sakkiz soatdan ortiq davom etgan suhbat uyushtirdi. Suhbat davomida janob Kissinjer “har ikki kuch qarshi tarafning strategik xavf tug‘dirishiga o‘z-o‘zini ishontirib bo‘lganligi”ga oid xavotirlarini bildiradi.

“Biz buyuk kuchlar qarama-qarshiligi ostonasida turibmiz”

Genri Kissinjer Xitoy va Amerikaning texnologik va iqtisodiy ustunlik uchun tobora kuchayib borayotgan o‘zaro raqobatidan xavotirda. Hatto Rossiya Xitoy orbitasiga tushib qolgan, Yevropaning sharqiy qanotiga urush soya solayotgan bir paytda ham, janob Kissinjerni sun’iy intellekt Xitoy-Amerika raqobatini chuqurlashtirib yuborishi ko‘proq tashvishga soladi. Butun dunyoda kuchlar muvozanati va urushning texnologik asoslari shunchalik tez va ko‘p jihatdan o‘zgarib bormoqdaki, endilikda mamlakatlar tartib o‘rnatish uchun hech qanday qat’iy belgilangan tamoyillarga ega emas. Agar shunday tamoyillar topilmas ekan, ular kuch ishlatishga o‘tishlari mumkin. “Biz Birinchi Jahon urushidan oldingi klassik vaziyatdamiz”, — deydi janob Kissinjer. Uning qayd etishicha, bunday vaziyatda hech bir tomon siyosiy jihatdan yon berishga tayyor emas va “muvozanatning har qanday buzilishi halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin”.

Janob Kissinjer o‘zining hayotiy va professional tajribasiga tayanib, har qanday halokatli mojaroning oldini olishning yagona yo‘li — umumiy qadriyatlar bilan mustahkamlangan sovuqqon diplomatiya ekanligiga ishonch hosil qilganini ta’kidlaydi. Uning fikricha, insoniyat taqdiri AQSh va Xitoy qay darajada murosaga kela olishiga bog‘liq. Buning uchun ularning ixtiyorida, sun’iy intellektning jadal rivojlanishi fonida, faqatgina besh-o‘n yil vaqt bor xolos.

Janob Kissinjerning yosh rahbarlarga beradigan ilk maslahati — o‘z o‘rni, holatiga xolisona baho berish. Shu nuqtai nazardan, uning fikricha, Xitoyda tobora kuchayib borayotgan notinchlikni tahlil qilish urushning oldini olishda dastlabki qadam bo‘lishi mumkin. Xitoylik mutafakkirlarning aksariyati Amerika tushkunlik bo‘sag‘asida ekanligiga, aynan shu nuqtai nazardan, tarixiy evolyutsiya natijasida Xitoy oxir-oqibat AQShni siqib chiqarishiga ishonadi.

Janob Kissinjerga ko‘ra, G‘arb siyosatchilari global qoidalarga asoslangan tartib xususida so‘z yuritganida, bu Xitoy rahbariyati tomonidan ma’qullanmasligiga sabab — ular buni Amerika qoidalari va Amerika tartibi sifatida talqin qilishidir. G‘arb tomonidan Xitoyga muayyan shartlar asosida berilishi mumkin bo‘lgan imtiyozlar borasida taklif qilingan kelishuv Xitoy rahbarlari nazdida kamsituvchi harakterga ega va haqoratomuz — ular o‘sib borayotgan qudrat sifatida, mazkur imtiyozlar ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli bo‘lishi lozim, deb hisoblashadi. Darhaqiqat, Xitoyda ba’zilar Amerika Xitoyni qachondir o‘ziga teng deb hisoblashiga shubha bilan qaraydi, shunday bo‘lishini tasavvur qilishning o‘zi ahmoqlik, deb hisoblaydi.

Shunga qaramay, janob Kissinjer Xitoyning ambitsiyalarini noto‘g‘ri talqin qilishdan ham ogohlantiradi. Vashington Xitoy dunyo hukmronligini xohlaydi, degan fikrda. Biroq, Xitoy qudratli davlat bo‘lishni istaydi, xolos. Xitoy Gitler Germaniyasi singari dunyo hukmronligiga intilmaydi, u xayol qilgan yoki qilayotgan dunyo tartibi — bu emas. Natsistlar Germaniyasida urush muqarrar edi, sababi — bu Adolf Gitlerga kerak edi, deydi janob Kissinjer. Biroq, Xitoy — boshqa masala. Mao Szedundan boshlab ko‘plab Xitoy rahbarlari bilan uchrashgan janob Kissinjerning fikricha, ularning mafkurasi hamisha o‘z mamlakatlari manfaatlari va imkoniyatlarini chuqur his qilish bilan bog‘liq bo‘lib kelgan.

ақш, генри киссинжер, россия, хитой

Genri Kissinjer Xitoy rahbari Si Szinpin bilan, Pekin, 2023-yil 20-iyul. Foto: China Out / AFP

Janob Kissinjer Xitoy tuzumi asosida marksizmdan ko‘ra ko‘proq konfutsiylik yotadi, deb hisoblaydi. Bu Xitoy rahbarlarini o‘z mamlakati imkoniyatlari doirasidagi maksimal qudratga erishishga va erishgan yutuqlari uchun hurmatga sazovor bo‘lishga undaydi. Xitoy rahbarlari xalqaro tizimda o‘z manfaatlarini himoya qiluvchi yakuniy hakam sifatida tan olinishni istaydi. Janob Kissinjerning fikricha, Xitoy chinakam ustunlikka erishgan taqdirida ham buni “Xitoy madaniyatini singdirish darajasiga” olib kelmaydi. Qolaversa, u AQSh “diplomatiya va kuch-qudrat uyg‘unligida bunday vaziyat yuzaga kelishining oldini olish uchun yetarli salohiyatga ega” ekanligiga ishonadi.

Xitoyning ambitsiyalari muammosiga Amerikaning tabiiy javoblaridan biri — bu, ikki kuch o‘rtasida muvozanatni qanday saqlash mumkinligini aniqlashning bir yo‘li sifatida, uni sinovdan o‘tkazish. Yana biri — Xitoy va Amerika o‘rtasida doimiy muloqot o‘rnatish. Janob Kissinjerning qayd etishicha, Xitoy “global rol o‘ynashga urinmoqda”. Bu o‘rinda strategik rol tushunchasining mos kelish-kelmasligi munozarali. Bordiyu mos kelmagan taqdirda, kuch masalasi o‘rtaga chiqadi. “Xitoy va AQSh bir-birlari bilan keng qamrovli urush tahdidisiz birga yashay olishlari mumkinmi? Men buni mumkin deb hisoblaganman, hozir ham shunday”, — deydi janob Kissinjer. Biroq, bu borada muvaffaqiyat kafolatlanmaganligini ham tan oladi. “Shunday ekan, muvaffaqiyatsizlik [yuz bergan taqdirda, vaziyat]ni barqarorlashtirish uchun harbiy jihatdan yetarlicha kuchli bo‘lishimiz zarur”.

“AQSh Tayvandan o‘zining boshqa joylardagi mavqeiga putur yetkazmagan holda voz kechishi oson emas”

Ayni paytdagi eng dolzarb masala — Xitoy va Amerika Tayvan masalasida qanday yo‘l tutishi. Janob Kissinjer 1972-yili AQSh prezidenti Richard Niksonning Xitoyga ilk tashrifi chog‘ida faqat Mao Szedun orol bo‘yicha muzokaralar olib borish vakolatiga ega bo‘lganini eslaydi. “Nikson har safar muayyan bir masalani o‘rtaga tashlaganida, Mao „Men faylasufman. Bunday masalalar bilan shug‘ullanmayman. Keling, buni Chjou [Enlay] va Kissinjer muhokama qilaqolsin,“ derdi… Biroq Tayvan haqida gap ketganda, u juda ochiq gaplashgan. „Ular bir to‘da aksilinqilobchilar. Ayni paytda bizga ular kerak emas. Biz 100 yil kutishimiz mumkin. Bir kun kelib biz ularning o‘zlaridan so‘raymiz. Biroq, bunga hali uzoq vaqt bor“, degan edi u”.

Janob Kissinjerning ta’kidlashicha, Nikson va Mao o‘rtasida tuzilgan kelishuv shu 100 yildan atigi 50 yil o‘tib Donald Tramp tomonidan bekor qilindi. U Xitoydan savdo-sotiq bo‘yicha imtiyozlarni tortib olib, qattiqqo‘llik borasida o‘z imidjini oshirmoqchi edi. Siyosatda Bayden ma’muriyati ham sobiq prezident Tramp rahbarligiga ergashdi, biroq liberal ritorika bilan.

Janob Kissinjer Tayvanga nisbatan bu yo‘lni tanlamagan bo‘lardi, chunki u yerda Ukraina uslubidagi urush orolni vayron qilib, jahon iqtisodiyotini izdan chiqaradi. Urush Xitoyni mamlakat ichkarisida ham taraqqiyotda ortga qaytarib yuborishi mumkin — hozirda mamlakat rahbarlarining eng katta qo‘rquvi ham aynan ichki g‘alayonlar bo‘lib qolmoqda.

Urush qo‘rquvi umidga zamin yaratadi. Muammo shundaki, hech bir tomonda yon berish imkoniyati yo‘q. Har bir Xitoy rahbari o‘z mamlakatining Tayvan bilan aloqadorligini qat’iy tasdiqlab keladi. Shu bilan birga, “hozir vaziyat qanday rivojlanmasin, AQSh Tayvandan, o‘zining boshqa joylardagi mavqeiga putur yetkazmagan holda voz kechishi oson emas”.

Janob Kissinjer bu boshi berk ko‘chadan chiqish yo‘lini, o‘z lavozimidagi tajribasiga tayangan holda, quyidagicha tavsiflaydi. Dastavval, o‘zaro munosabatlarda qiziqqonlikni pasaytirish, keyin esa asta-sekin o‘zaro ishonch va ish munosabatlarini o‘rnatish zarur. AQSh prezidenti xitoylik hamkasbiga o‘zining barcha e’tirozlarini sanab o‘tirish o‘rniga, shunday deydi: “Janob prezident, ayni paytda tinchlik uchun ikkita eng katta tahdid — biz ikkimiz. Insoniyatni yo‘q qilish qudratiga ega ekanligimiz nuqtai nazaridan”. Xitoy va AQSh hech bir narsani rasman e’lon qilmagan holda, vazminlik yo‘liga o‘tadi.

Hech qachon siyosatni belgilab beruvchi byurokratiyaning ishqibozi bo‘lmagan janob Kissinjer bir-biri bilan oson muloqotga kirishish imkoniga ega bo‘lgan, vazminlik bilan birga ishlovchi kichik maslahatchilar guruhini ko‘rishni xohlaydi. Ikkala tomon ham Tayvanga nisbatan o‘z pozitsiyasini tubdan o‘zgartirmaydi, biroq AQSh o‘z kuchlarini qanday joylashtirish xususida bosh qotiradi va orolning mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashi to‘g‘risidagi shubha-gumonlarni kuchaytirmaslikning payida bo‘ladi.

Janob Kissinjerning yosh rahbarlarga beradigan ikkinchi maslahati: “Odamlarni ergashtira oladigan maqsadlar qo‘ying. Ushbu maqsadlarga erishish uchun tavsiflash mumkin bo‘lgan vositalarni toping”. Tayvan — bu ikki yirik qudratning umumiy til topishi mumkin bo‘lgan va shu tariqa global barqarorlikni qo‘llab-quvvatlaydigan bir nechta sohalarning birinchisi bo‘lishi mumkin.

AQSh moliya vaziri Janet Yellen yaqinda qilgan nutqida iqlim o‘zgarishi va iqtisodiyot aynan shunday sohalar qatorida bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Janob Kissinjer bularning har ikkisiga shubha bilan qaraydi. Garchi u iqlim bo‘yicha “hamma uchun” harakati tarafdori bo‘lsa-da, dunyoning bu ikki qudratli davlati o‘rtasida o‘zaro ishonch yoki muvozanatni o‘rnatish uchun iqlim masalasi yetarli darajada yordam bermasligi mumkin. Iqtisodiyot masalasidagi tahdid shundan iboratki, savdo kun tartibi Xitoyga rivojlanish uchun mutlaqo imkon qoldirishni istamaydigan “shoqollar” tomonidan egallab bo‘lingan.

“Hammasi yoki hech narsa” qabilidagi munosabat yanada kengroq miqyosda kuchsizlanishga yo‘l ochuvchi tahdiddir. Agar Amerika Xitoy bilan hamjihatlikda yashash yo‘lini topish istagida bo‘lsa, Xitoyda rejim o‘zgarishini maqsad qilmasligi kerak. Ayrim amerikaliklar mag‘lub etilgan Xitoy demokratik va tinch bo‘ladi, deb hisoblashadi. Janob Kissinjer Xitoyning demokratik davlat bo‘lishi tarafdori ekaniga qaramay, hozirda bunday natijaga olib keladigan hech bir asos ko‘rmayotganini ta’kidlaydi. Uning fikricha, kommunistik tuzumning qulashi, katta ehtimol bilan, mamlakatda fuqarolar urushiga olib keladi va bu, o‘z navbatida, mafkuraviy to‘qnashuvga aylanib, global beqarorlikka hissa qo‘shadi.

AQSh bu borada Xitoyning o‘z manfaatlari mavjud ekanligini tan olishiga to‘g‘ri keladi. Ukraina voqeasi bunga yaxshi misol.

“Xitoy va Rossiya — tabiiy ittifoqchilar emas”

Xitoy prezidenti Si Szinpin o‘tgan yilning fevrali — Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri birinchi marta yaqinda ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Ko‘pchilik bu muloqotni Xitoy Rossiya bilan yaqin ittifoqdosh ekanidan norozi bo‘layotgan yevropaliklarni tinchlantirish uchun qilingan behuda ishora sifatida e’tiborsiz qoldirdi. Janob Kissinjer esa buni urush atrofidagi diplomatiyani murakkablashtiruvchi, shunga qaramay AQSh va Xitoy o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash uchun imkon yaratishi mumkin bo‘lgan jiddiy iroda ko‘rsatilishi sifatida baholaydi.

Janob Kissinjer Ukraina misolini tahlil qilar ekan, shunday deydi: “Bu [Ukrainadagi urush], oxir-oqibat, shubhasiz Putin qabul qilgan qarorning halokatli xatosi edi”. Biroq, bu o‘rinda G‘arb ham aybsiz emas. “Ukrainaning NATOga a’zoligi masalasini ochiq qoldirish, mening nazarimda, juda noto‘g‘ri qaror bo‘lgan”. Bu vaziyatni beqarorlashtirdi, chunki NATOning himoya qilish to‘g‘risidagi va’dasi, ayni paytda buni qanday amalga oshirish yuzasidan hech bir aniq rejaga ega emasligi, Ukrainani aksincha himoyasiz qoldirdi. Bu nafaqat Putin, balki uning ko‘plab vatandoshlarini ham g‘azablantirishi muqarrar edi.

ақш, генри киссинжер, россия, хитой

Genri Kissinjer Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan, 2007-yil. Foto: EPA / Sergey Chirikov

Endigi vazifa — ziddiyatning keyingi bosqichiga zamin yaratmasdan turib, urushni tugatishdan iborat. Janob Kissinjer Rossiya 2014-yilda bosib olgan hududlardan imkon qadar voz kechishi tarafdori, biroq real voqelik shundan iboratki, Rossiya har qanday vaziyatda ham, eng kamida, Sevastopolni (Qrimdagi eng yirik shahar va Rossiyaning Qora dengizdagi asosiy harbiy-dengiz bazasi) saqlab qolishi mumkin. Rossiya erishganlarining ba’zilaridan voz kechib, ba’zilarini o‘zida saqlab qolishini nazarda tutuvchi bunday kelishuv Rossiyani ham, Ukrainani qanoatlantirmaydi.

Uning fikricha, Ukrainada kechayotgan urush kelajakdagi qarama-qarshilik uchun zamin yaratishi mumkin. Hozir Yevropa Ukraina bilan bog‘liq xatarni yuqori baholab, uni NATOda ko‘rishni istamaydi. Ayni paytda uni eng ilg‘or qurollar bilan ta’minlashi esa Ukrainani Yevropadagi “eng yaxshi qurollangan”, shu bilan birgalikda, “rahbarlik borasida strategik jihatdan eng kam tajribaga ega bo‘lgan” davlatga aylantiradi.

Yevropada barqaror tinchlik o‘rnatish uchun hozir G‘arbdan ikkita qadam talab qilinadi. Birinchisi, Ukrainaning NATOga qo‘shilishi — uni tiyib turish va himoya qilish vositasi sifatida. Ikkinchisi, Yevropa uchun Rossiya bilan yaqinlashuv tadbirlarini ishlab chiqish — barqaror sharqiy chegarani yaratish yo‘li sifatida.

Aksariyat G‘arb davlatlari bu maqsadlarning biri yoki boshqasidan bosh tortishi tushunarli. Rossiyaning ittifoqchisi va NATOning raqibi sifatida Xitoy ishtirok etgan taqdirda, vazifa yanada qiyinlashadi. Xitoy Rossiyaning Ukrainadagi urushdan daxlsiz chiqib ketishidan ustun manfaatdor. Rossiyadagi potensial tanazzul Markaziy Osiyoda “Suriya tipidagi fuqarolar urushi” bilan to‘ldirilishi mumkin bo‘lgan “hokimiyat bo‘shlig‘ini” yaratishi ehtimoli yuqori ekanligi nuqtai nazaridan Xitoyni tashvishga soladi.

Si Szinpinning Zelenskiy bilan muloqotidan so‘ng, janob Kissinjer Xitoy Rossiya va Ukraina o‘rtasida vositachilik pozitsiyasini egallashga urinayotgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi. Amerika va Xitoyni Sovet Ittifoqiga qarshi qo‘ygan siyosat me’morlaridan biri sifatida u Xitoy va Rossiya yaxshi hamkorlik qila olishiga shubha bilan qaraydi. Ular AQSh masalasida hamfikr bo‘lishi mumkin, biroq ularda bir-biriga nisbatan instinktiv ishonchsizlik bor. Xitoy va Rossiya — tabiiy ittifoqchilar emas.

Xitoy Ukraina masalasida o‘z milliy manfaatlari ifodasi sifatida diplomatiyaga kirishdi, deydi janob Kissinjer. Garchi Rossiyaning yo‘q qilinishiga qarshi turishni istamasa ham, Xitoy Ukraina mustaqil davlat bo‘lib qolishi kerakligini tan oladi va yadro qurolidan foydalanishdan ogohlantiradi. Xitoy hatto Ukrainaning NATOga kirish istagini ham qisman qabul qilishi mumkin. “Chunki u AQSh bilan to‘qnash kelishni xohlamaydi”, deydi janob Kissinjer.

“Misli ko‘rilmagan halokatlar dunyosida yashayapmiz”

Xitoy va Amerika muloqot o‘rnatishi lozim bo‘lgan ikkinchi soha — bu sun’iy idrok. “Biz mashinalar global o‘lat yoki boshqa pandemiyalarni keltirib chiqarishi, nafaqat yadroviy, balki insoniyat halokatining har qanday sohasiga zamin yaratishi mumkin bo‘lgan yo‘lning boshida turibmiz”, deydi u.

Uning e’tirof etishicha, hatto sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislar ham uning qudrati qay darajada bo‘lishi haqida aniq tasavvurga ega emas. Biroq, yaqin besh yil ichida sun’iy intellekt xavfsizlik sohasida asosiy omilga aylanadi. Janob Kissinjer uning buzg‘unchi harakterga ega bo‘lgan salohiyatini XVI-XVII asrlardagi halokatli urushlarga hissa qo‘shgan g‘oyalarning keng yoyilishiga sabab bo‘lgan matbaa ixtirosi bilan taqqoslaydi.

“Misli ko‘rilmagan halokatlar dunyosida [yashayapmiz]”, deya ogohlantiradi janob Kissinjer. Kompyuterlar model yaratishida inson ko‘magi va ishtirokini nazarda tutuvchi human-in-the-loop ta’limoti mavjud ekaniga qaramay, avtomatik va to‘xtatib bo‘lmaydigan qurollar yaratilishi mumkin. “Harbiy tarixga nazar tashlasangiz, aytish mumkinki, geografiya va aniqlik borasidagi cheklovlar sababli barcha raqiblaringizni yo‘q qilish hech qachon mumkin bo‘lmagan. [Endi] hech qanday cheklovlar yo‘q. Har qanday raqib 100 foiz himoyasiz”.

Sun’iy intellekt bekor qilinishi mumkin emas. Shunday ekan, Xitoy va AQSh uning kuchidan harbiy jihatdan tiyib turuvchi vosita sifatida foydalanishlari zarur. Biroq, ular, shuningdek, qurol-yarog‘ nazorati bo‘yicha muzokaralar yadroviy qurol tahdidini cheklagani kabi, sun’iy intellekt keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan tahdidni cheklash imkoniyatiga ega. Janob Kissinjerning fikricha, Xitoy va AQSh texnologiyalarning har ikki tomonga ta’siri yuzasidan muloqotga kirishishi lozim. Bu boradagi muzokaralarning o‘zi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga yordam berishi mumkin va bu ularga o‘zaro munosabatda vazminlikni qo‘llash imkonini beradi. Buning siri shundaki, rahbarlar sun’iy intellekt o‘z imkoniyatlarining maksimal chegarasi darajasida qo‘llanilmasligi kerakligini tushunadigan darajada kuchli va aqlli. “Agar siz faqatgina kuch-qudrat orqali erishishingiz mumkin bo‘lgan narsaga tayansangiz, dunyoni yo‘q qilib yuborishingiz mumkin”.

Janob Kissinjerning yosh rahbarlar uchun uchinchi maslahati — barcha narsani, u nima bo‘lishidan qat’iy nazar, ichki maqsadlar bilan bog‘lash. AQSh uchun bu ko‘proq pragmatik bo‘lishni o‘rganish, yetakchilik fazilatlariga e’tibor qaratish va, eng asosiysi, mamlakat siyosiy madaniyatini yangilashni anglatadi.

Janob Kissinjerning pragmatik fikrlash borasidagi modeli — Hindiston. Bu tashqi siyosatda mamlakatning yirik ko‘p tomonlama tuzilmalarga bog‘liq bo‘lishidan ko‘ra, aniq masalalarga yo‘naltirilgan, doimiy bo‘lmagan ittifoqlarga tayanishni nazarda tutadi.

Janob Kissinjerning fikricha, muammo axloqiy tamoyillarning — hatto ular istalgan o‘zgarishlarga olib kelmasa ham — ko‘p hollarda manfaatlardan ustun qo‘yilishidan kelib chiqadi. U inson huquqlari muhimligini tan oladi, biroq ularning siyosatga asos qilib olinishi maqsadga muvofiq emas. Bundagi farq — majburlash yoki bu munosabatlarga ta’sir qiladi, deb aytish o‘rtasida, biroq — qaror qilish har kimning o‘z ixtiyorida qolishi lozim.

“Biz Sudanda [ularni majburlashga] urindik”, deydi u. “Mana, endi Sudanni ko‘ring”. Darhaqiqat, to‘g‘ri deb hisoblangan biror ishni amalga oshirishning majburlash usuli — bu shunchaki siyosatning oqibatlarini o‘ylashga layoqatsizlikni oqlash uchun bahona bo‘lishi mumkin. Janob Kissinjerning ta’kidlashicha, dunyoni o‘zgartirish yo‘lida kuch ishlatmoqchi bo‘lgan odamlar, ko‘p hollarda idealistlardir, garchi odatda realistlar kuch ishlatishga tayyor, deb hisoblansa ham.

Hindiston — Xitoyning o‘sib borayotgan qudratiga asosiy qarama-qarshi kuch. Shunga qaramay, unda diniy murosasizlik, sud ishiga aralashuvlar va matbuotni cheklash ko‘rsatkichlari yomonlashmoqda. Janob Kissinjer to‘g‘ridan-to‘g‘ri izoh bermagan bo‘lsa-da, xulosa qilish mumkinki, Hindiston masalasi Amerika pragmatik bo‘la oladimi yoki yo‘q, degan savolga javob bo‘lishi mumkin. Boshqasi — Yaponiya. Agar janob Kissinjer bashorat qilganidek, Yaponiya yaqin besh yil ichida yadroviy qurolga ega bo‘lish uchun harakat qilsa, munosabatlar keskinlashadi. XIX asrda qaysidir jihatlardan tinchlikni saqlab qolishga hissa qo‘shgan diplomatik manyovrlarni esga olar ekan, u Osiyodagi kuchlar muvozanati haqida strategik fikr yuritishda AQShga yordam berish uchun Britaniya va Fransiyaga murojaat qiladi.

Yetakchilikda o‘z ishining ustalariga muhtojmiz

Janob Kissinjerning fikricha, yetakchilik ham muhim ahamiyatga ega. U hamisha alohida shaxslar qudratiga ishonib kelgan. Rahbarlik mamlakatning siyosiy madaniyatini aks ettiradi.

Janob Kissinjer Amerikaning qadr-qimmati haqidagi umumiy tasavvur yo‘qolib borayotganidan, shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatida mutanosiblik va mulohazakorlik yetishmayotganidan tashvishda.

Eng yomoni esa siyosatning o‘zi. Hozir turli partiyalar vakillari o‘rtasida do‘stona muhit yetishmaydi. “Menimcha, Tramp va hozir Bayden [o‘zaro adovatni] cho‘qqiga olib chiqdi”, deydi janob Kissinjer. U vaziyat zo‘ravonlikka va yetakchilikning yetishmasligiga olib kelishidan xavotirda. “Men Bayden ilhomlantira oladi deb o‘ylamayman va… Respublikachilar yaxshiroq boshqa birovni topishiga umid qilaman”, deydi u.

Uning fikricha, Amerika uzoq muddatli strategik fikrlashga juda muhtoj. Amerika siyosatida strategik fikrlash yetishmagan taqdirda, “muvaffaqiyatsizlik haqidagi bashoratlar” to‘g‘ri bo‘lib chiqishi mumkin.

U insoniyat ulkan yutuqlarga erishganini ta’kidlaydi. To‘g‘ri, bu taraqqiyot ko‘p hollarda dahshatli to‘qnashuvlardan so‘ng — 30 yillik urush, Napoleon urushlari va Ikkinchi Jahon urushidan keyin sodir bo‘lgan, biroq Xitoy va Amerika o‘rtasidagi raqobat boshqacha bo‘lishi mumkin. Tarix shuni ko‘rsatadiki, bunday turdagi ikki kuch bir-biriga to‘qnashganda, odatiy natija harbiy mojarodan iborat bo‘ladi. “Biroq, muqarrar halokat va sun’iy intellekt sababli bu odatiy holat bo‘lmaydi”, — deydi janob Kissinjer.

Uning qayd etishicha, Yevropa, Xitoy va Hindiston ishtirokidagi qoidalar asosida dunyo tartibini yaratish mumkin. Bu esa nisbatan yaxshi, eng kamida, falokatsiz yakunga zamin yaratishi va insoniyat oldinga siljishi ehtimoli mavjud.

Bu bugungi qudratli davlatlar rahbarlarining vazifasi. “Immanuil Kant „tinchlik yo insonga xos o‘zaro tushunish orqali, yoki qandaydir falokat tufayli o‘rnatiladi“, degan edi”, deydi janob Kissinjer.

Shunday ekan, jahon yetakchilari zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi. Bu kelajakdagi xavf-xatarlarga qarshi turish uchun realizmni, yechim o‘z mamlakatlari kuchlari o‘rtasidagi muvozanatga erishishda ekanligini ko‘rishni va o‘zlarining hujumkor kuchlarini maksimal darajada ishlatishdan tiyilishni talab qiladi. “Bu misli ko‘rilmagan chaqiriq va buyuk imkoniyat”, deya ta’kidlaydi janob Kissinjer. Insoniyat kelajagi ular qay darajada buning uddasidan chiqa olishiga bog‘liq.