Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov G‘ozg‘on shahri, Qiziltepa, Xatirchi va Karmana tumanlari hokimlariga intizomiy jazo qo‘lladi. Bu haqda viloyat hokimining yangi farmoyishida ma’lum qilindi.

Xususan, viloyat hokimligining 14-avgustda o‘tkazilgan apparat yig‘ilishi bayoni ijrosini ta’minlamagani va ijro intizomini susaytirib yuborgani uchun Qiziltepa tumani hokimi v.v.b. Nodir Hayitovga hayfsan intizomiy jazosi berilgan.

G‘ozg‘on shahar hokimi Azim Bazarov va Xatirchi tumani hokimi v.v.b. Inoyat Muhammadiyevga ham hayfsan qo‘llanilgan.

Ularning jazoga tortilishiga esa prezidentning qaror va farmoyishlari ijrosini ta’minlashda sustkashlik qilgani, ishlarni to‘g‘ri tashkil etmagani, murojaatlar bilan ishlashda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani, o‘ziga yuklatilgan vazifalarga sovuqqonlik bilan yondashgani sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Shuningdek, Karmana tumani hokimi Faxriddin Umarovga yuqoridagi sabablar tufayli o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima intizomiy jazosiga tortilgan.