2023-yilning yanvar-iyul oylarida jami 3,7 mln nafar chet el fuqarosi turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Statistika agentligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Bu davr oralig‘ida eng ko‘p tashrif Tojikiston (1 mln 151,4 ming), Qirg‘iziston (912,8 ming) va Qozog‘iston (879 ming nafar)dan bo‘ldi.

Sayohat maqsadida Rossiyadan 417,4 ming kishi kelgan bo‘lsa, Turkiyaning ko‘rsatkichi 58 ming nafarni tashkil etdi.

Bundan tashqari, Turkmanistondan 39,6 ming nafar, Janubiy Koreyadan 20,2 ming nafar, Hindistondan 20 ming nafar, Xitoydan 17,7 ming nafar, Germaniyadan esa 14,1 ming nafar sayyoh O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Taqqoslash uchun, 2022-yilning ayni shu davrida ko‘rsatkich 2,4 mln nafarni tashkil etgandi.

Prezident qarori bilan xorijdan kelgan har bir turist uchun turoperatorlarga teng ulushlarda 20 dan 100 dollargacha subsidiya ajratiladigan bo‘ldi. Shuningdek, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida o‘qimoqchi bo‘lgan ayrim xorijiy mamlakatlar fuqarolari uchun davlat grantlari shakllantirilishi belgilandi.