Germaniya hukumati 23-avgust mamlakatda yashovchi xorijliklar kelajakda osonroq va tezroq fuqarolik olishini ta’minlaydigan qonunni ma’qulladi, deya xabar bermoqda Deutsche Welle. Mazkur qonunni Bundestag ham ma’qullanishi kerak bo‘ladi.

Hujjatga ko‘ra, Germaniya pasportini Germaniyada 5 yil yashagan holda (hozirgi 8 yil o‘rniga) olish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, fuqarolik “maxsus integratsiya yutuqlari”ni namoyish etgan insonlarga 3 yilda ham berilishi nazarda tutilgan (hozir 6 yil). “Maxsus integratsiya yutuqlari” deganda nemis tilini yaxshi bilish, volontyorlik ishlarida faol ishtirok etish yoki yuqori professional sifatlarga ega bo‘lish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, fuqarolikka da’vogarlar boshqa pasportlaridan voz kechishi talab etilmaydi. Ilgari Germaniya fuqaroligini olishda boshqa fuqarolikni saqlab qolishga faqat istisno hollarda ruxsat berilgan va bu ko‘pincha qizg‘in ichki siyosiy tortishuvlar mavzusiga aylangan.

Shuningdek, irqchilik yoki antisemitizm bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlar Germaniya fuqaroligini ololmaydi. Qonunda, shuningdek, Germaniya fuqaroligiga da’vogarlar o‘zlari va oila a’zolarini mustaqil ravishda ta’minlashi va davlat ijtimoiy nafaqalariga muhtoj bo‘lmasligi kerak ekani belgilab qo‘yilgan.

Islohotlar orqali federal hukumat, birinchi navbatda, Germaniyani malakali ishchilar uchun yanada jozibador qilishni xohlayapti.

“Biz allaqachondan beri jamiyatimizning bir qismi bo‘lgan insonlar ham mamlakatimizni demokratik yo‘l bilan shakllantirishda ishtirok etishlarini istaymiz. Chunki bizning demokratiyamiz barcha ishtirok etayotgani uchun gullab-yashnamoqda. Bizning demokratiyamiz uni himoya qiladigan va yanada kuchaytiradigan odamlarga muhtoj”, — deya izoh berdi islohotlarga Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer.