KPMG xalqaro auditorlik kompaniyasi O‘zbekistondagi elektron tijorat bozori 2027-yilga borib 6−7 baravarga kengayishini prognoz qildi. Kompaniya o‘z hisobotida bozorning kengayishiga ta’sir qiluvchi omillar va to‘siqlarni sanab o‘tdi.

O‘zbekiston chakana savdo bozori 2022 yil 31-dekabr holatiga 14 mlrd dollarga baholandi. 2027-yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 19,6 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda. Elektron savdo bozori 2022-yil 31-dekabr holatiga jami chakana savdo bozorining 2,2 foizini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2027-yil yakunlariga borib 9 foizdan 11 foizgacha oraliqda shakllanishi kutilmoqda. Ya’ni 1,8−2,2 mlrd dollar bo‘lishi, o‘sish tempi 2022−2027-yillar davomida 41,4−47,4 oralig‘ida bo‘lishi prognoz qilingan.

Mamlakat aholisi 36 mln 372 ming nafarni (2023-yil 1-iyul) tashkil etadi va aholining 40 foizi — 14 mln 393 ming nafari 15−39 yoshda. Mamlakatdagi odamlarning 23 mln 533 ming nafari internetdan foydalanadi. Aholi orasida bank xizmatlari qamrovi 49 foizni, internet qamrovi 77 foizni tashkil etmoqda.

Elektron tijorat bozorida eng ko‘p texnika va elektronika bilan savdo amalga oshirilmoqda. Keyingi o‘rinlarda kiyim va aksessuarlar, uy uchun kerakli buyumlar, ovqat va ichimliklar, sog‘liq va go‘zallik uchun kerak bo‘ladigan shaxsiy vositalar turibdi.

kpmg, o‘zбекистон, elektron tijorat

2027-yilga borib mamlakatda internet qamrovi darajasi 87 foizga yetishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda elektron tijorat bozori o‘sishi uchun yaxshi imkoniyat mavjud. Birgina 2018−2022-yillar oralig‘ida elektron tijoratning umumiy chakana savdo bozoridagi ulushi 0,6 foizdan 2,2 foizgacha o‘sdi. Lekin, shunga qaramasdan, mazkur ko‘rsatkich mintaqadagi boshqa davlatlar (Qozog‘iston — 9 foiz, Rossiya — 20 foiz), shuningdek, nisbatan ko‘proq rivojlangan mamlakatlardan (AQSh — 26 foiz, Xitoy — 31 foiz, Janubiy Koreya 44 foiz) ancha ortda.

kpmg, o‘zбекистон, elektron tijorat

Elektron tijorat bozori o‘sishiga quyidagi omillar ta’sir qilishi kutilmoqda:

  • Internet qamrovi va tezligi oshishi — buning natijasida ko‘proq odamlar onlayn xarid platformalariga kira oladi.
  • Odamlarning smartfonlardan foydalanish imkoniyati oshishi va mobil banking tizimidagi yutuqlar — bu raqamli tranzaksiyalarni osonlashtiradi, xaridorlar elektron savdo jarayoniga jalb etilishini yanada qulayroq qiladi.
  • Xufiyona iqtisodiyot bilan kurashning davom ettirilishi — bu investorlarda xotirjamlikni oshirishi va elektron tijorat sektoriga ijobiy ta’sir o‘tkazishi, bozor hajmining o‘sishiga olib kelishi kutilmoqda.
  • Iqtisodiyotdagi naqd pulsiz to‘lovlar ulushining o‘sishi uchun harakat qilinishi — O‘zbekiston naqd pulsiz to‘lovlar ulushi bo‘yicha qo‘shni va rivojlangan mamlakatlardan ortda hisoblanadi. Bu o‘z-o‘zidan mamlakatda raqamli to‘lov usullarining moslashuvchanligini rag‘batlantirish orqali elektron tijorat bozorida o‘sishiga erishish imkoniyati mavjudligini anglatadi.

Ayni paytda O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarda naqd pulsiz to‘lovlarning umumiy to‘lovlardagi ulushi quyidagicha:

kpmg, o‘zбекистон, elektron tijorat

KPMG prognozi bo‘yicha elektron tijorat bozori 2027-yil yakunigacha 6−7 marta o‘sishi kutilmoqda.

kpmg, o‘zбекистон, elektron tijorat

Elektron tijorat bozori o‘sishi uchun imkoniyatlar

Taklif tomonida o‘sish kuzatilishi uchun imkoniyatlar quyidagilar:

Bo‘lib to‘lash

To‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish imkoniyati O‘zbekistonda elektron tijoratning drayveri bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Xaridorlarga bo‘lib to‘lashga ruxsat berish orqali kompaniyalar kengroq mijozlar oqimiga, shu jumladan, to‘lovni bittada amalga oshirish imkoniga ega bo‘lmagan mijozlarni jalb qilishga erishishi mumkin.

Buyurtmalar chastotasini oshirish

Elektron tijorat O‘zbekistondagi iqtisodiyot o‘sgani sari bizneslarga kattaroq miqyosda ishlashga imkon beradi. Keng assortimentdagi mahsulotlarni taklif etish orqali tadbirkorlar xaridorlarga turli narx kategoriyalarini taklif etishi va o‘rtacha buyurtma qiymatini oshirishi mumkin bo‘ladi.

Xaridorlar bazasining kengayishi va raqobatning oshishi

O‘zbekistonda elektron tijorat bizneslarga xaridorlar bazasini mahalliy darajadan kengaytirish, raqobatbardoshlikni oshirish imkoniyatini berishi mumkin. Biznesning onlayn shaklini yo‘lga qo‘yish orqali tadbirkorlar bozorning alohida segmentlarigacha kirib borishi, raqobatchilardan ajralib turishi va bu orqali raqobatda ustunlikka erishishi mumkin.

Elektron tijoratdagi moliyaviy texnologiyalar imkoniyatlari

O‘zbekistondagi o‘zgarib borayotgan to‘lov uslublari moliyaviy texnologiyalar yo‘nalishida kengroq imkoniyatga ega elektron tijorat kompaniyalariga xaridorlar bazasini kengaytirish imkoniyatini beradi.

Talab tomoniga imkoniyatlar:

Raqobatbardosh narx

O‘zbekistonda nisbatan narxga sezuvchan bozorga ega. Shuning uchun mahsulotlarni raqobatbardosh narxda taklif qilish talab uchun muhim drayver bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Kengroq assortimentdagi mahsulotlar

O‘zbekistondagi mahalliy chakana savdo bozorida mahsulotlar mavjudligi va xilma-xilligida cheklovlar mavjud. Elektron tijorat platformalari keng turdagi mahsulotlarni, shu jumladan, xalqaro brendlar mahsulotlarini taklif etish orqali yanada ko‘proq xaridorlarni — kengroq assortimentdagi tovarlarni qidirayotgan odamlarni jalb etishi mumkin.

Yetkazib berish tezligi

Elektron tijorat korxonalarining muvaffaqiyatida yetkazib berishning sifatli va tez ekani muhim omil hisoblanadi. Takomillashtirilgan inventarizatsiya menejment tizimlariga sarmoya kiritish orqali elektron tijorat kompaniyalari yetkazib berish vaqtini qisqartirishga erishishi mumkin.

Moslashuvchan to‘lov tizimlari

Elektron to‘lov tizimlariga moslashuvchanroq bo‘lish orqali elektron tijorat korxonalari xavfsiz, foydalanuvchilar uchun qulay tizimlarni yaratishi mumkin. Bu orqali esa an’anaviy naqd pul orqali to‘lovlar miqyosidan kattaroq bo‘lgan xaridorlar bazani jalb etish mumkin.

O‘zbekistonda elektron tijorat sanoatidagi to‘siqlar

Taklif tomonidagi to‘siqlar:

Logistika va infratuzilma muammolari

Elektron tijorat mahsulotlarni o‘z vaqtida yetkazib berish uchun samarali logistika va transport tizimlariga muhtoj. Infratuzilmaning yetarlicha samarador emasligi buyurtmalar kechikishiga va mijozlar qoniqish darajasining pasayishiga olib keladi. O‘zbekistonda transport infratuzilmasi elektron tijorat uchun yetarlicha samarador tashkillashtirilmagan bo‘lishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, xarajatlar va buyurtmalarni yetkazib berish vaqti oshishiga olib kelayotgan bo‘lishi mumkin.

Elektron tijorat infratuzilmasining cheklanganligi

Mamlakatda raqamli infratuzilma, shu jumladan, internet qamrovi boshqa, iqtisodiyoti o‘xshash mamlakatlardagichalik rivojlanmagan bo‘lishi mumkin.

To‘lov tizimlariga integratsiya va moliyaviy xizmatlar

Xavfsiz va ishonchli to‘lov tizimlariga integratsiya qilish ta’minotchi uchun juda muhim masala hisoblanadi, ayniqsa, variantlar cheklangan sharoitda. Bundan tashqari, onlayn to‘lov yechimlari mavjudligi bilan bog‘liq muammolar pul oqimini sekinlashtirishi mumkin.

Xaridorni qo‘llab-quvvatlash va sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish

O‘zbekistonda elektron tijorat uchun samarali xaridor xizmati infratuzilmasini shakllantirish texnologiyalarga investitsiya kiritish va malakali personalni talab qiladi. Kichikroq kompaniyalar resurslar chegaralangani tufayli xaridorga xizmat ko‘rsatishning onlayn usullariga moslashish qiyin bo‘lishi mumkin.

Talab tomonidagi to‘siqlar:

To‘lov xavfsizligi xavotirlari

To‘lovlar xavfsizligi masalasi O‘zbekistonda elektron tijorat o‘sishiga jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkin. Xaridorlar o‘zlarining moliyaviy ma’lumotlarini onlayn to‘ldirish davomida ma’lumotlarning tarqalishi, firibgarlik kabi omillardan xavotirga tushishi mumkin.

Xaridorlar xulq-atvori

O‘zbekistonda ayni vaqtdagi xaridor xulq-atvori jonli bozor qilishga, naqd pul ishlatishga va texnologiyalarga sekin moslashishga moyil. Bu elementlar birgalikda mamlakatdagi bozor qilishning milliy yondashuvini tashkil etadi va elektron tijorat o‘sishiga to‘siq bo‘lishi mumkin.

Internet qamrovi cheklanganligi

Internet qamrovi pastligi tufayli aholining yetarlicha katta qismida onlayn aloqalar mavjud bo‘lmasligi mumkin. Bu marketpleyslarni aylanish va onlayn buyurtmalar berish imkoniyatini cheklashi va elektron tijorat korxonalarini potensial xaridorlar bazasidan cheklab qo‘yishi mumkin.

Raqamli savodsizlikning kuchayishi

Raqamli savodsizlik internet aloqalari cheklangan hududlarda yoyilishi mumkin. Ba’zi potensial xaridorlar internet yoki onlayn xarid platformalaridan xabardor bo‘lmasligi mumkin. Bu ularning elektron tijorat operatsiyalariga kirishini qiyinlashtiradi.