O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining qo‘shma qarori bilan bog‘chalar va maktab-internatlari uchun bolalar pulini to‘lash tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deya xabar bermoqda Norma.

Hujjat bilan vatan himoyasi va tinchligi yo‘lida yaralangan, kontuziya yoki mayib bo‘lgani oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning farzandlari kvotadan qat’i nazar ota-onalar to‘lovidan ozod qilinadi.

Shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan ayollar ham farzandlari uchun to‘lov qilmaydi. Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 22-avgustdan kuchga kirdi.

MTM uchun to‘lovlarda yana kimlar imtiyozga ega?

Maktabgacha ta’lim muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ota-onalaridan biri yoki ikkalasi I yoxud II guruh nogironligi bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga, shuningdek, o‘rtacha oylik jami daromadi eng past darajada bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga imtiyoz beriladi.

To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati mahalla tomonidan berilgan oilaning mulkiy ahvoli to‘g‘risida ma’lumotnomaga va tegishli maktabgacha ta’lim muassasasi ota-onalar qo‘mitasining xulosasiga asosan aniqlanadi va shakllantiriladi.

Ro‘yxat har o‘quv yilining 25-sentabr kuniga qadar tegishli maktabgacha ta’lim muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. To‘lovdan ozod qilingan bolalarning muassasaga qatnashi (bo‘lishi) to‘xtasa, bo‘shab qolgan o‘rinlar zaxiradan to‘ldirib boriladi.