“Pragyan” oykezarini olib uchgan Hindistonning “Vikram” qo‘nish moduli Oy yuzasiga muvaffaqiyatli qo‘ndi.

Mazkur qo‘nish jarayonini 6,5 millionga yaqin kishi jonli efirda kuzatdi.

Bu bilan Hindiston o‘z apparatini Oy yuzasiga qo‘ndirgan to‘rtinchi davlatga aylandi. Bungacha ushbu missiyani SSSR, AQSh va Xitoy muvaffaqiyatli bajargan.

“Vikram” Oyga “Chandrayan-3” avtomatik sayyoralararo stansiyasini yetkazdi. “Pragyan” oykezari ham mazkur stansiya tarkibiga kiradi.

Qo‘nishdan so‘ng turli tadqiqot uskunalari bilan jihozlangan oykezar platformani tark etishi va Yerning tabiiy yo‘ldoshi yuzasida kimyoviy tahlil ishlarini boshlashi aytilgan. Og‘irligi 20 kg bo‘lgan oykezar missiyasi 14 kun davom etishi (Yer kuni) rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Hindiston bilan deyarli bir vaqtda Rossiya ham Oy yuzasiga qo‘nish bo‘yicha missiyani amalga oshirayotgandi. Lekin Rossiya missiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchradi va “Luna-25” sayyoralararo avtomat stansiyasi Oy yuzasi bilan to‘qnashdi.