Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 149-maktab o‘qituvchilari majburiy mehnatga jalb qilingani aniqlandi, deya xabar bermoqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati.

Tumandagi 149-maktab direktori o‘qituvchilarni obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlariga jalb qilgan.️ Shu sababli tashkilot rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 2-qismiga asosan ma’muriy jarima (BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha) qo‘llangan.

Ma’lumot uchun, pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi qonunga ko‘ra, ️huquqbuzarlik ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilsa, BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha (49,5 mln so‘mdan 66 mln so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yo 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilinishi mumkin.