Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda OTMga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq noqonuniy holatlarga chek qo‘yildi, deya xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.

Qo‘qon shahridagi banklardan birining mutaxassisi mansabdor tanishlari yordamida bir fuqaroni Qo‘qon davlat pedagogika institutiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida u pul mablag‘ini mazkur OTMda dekan lavozimida ishlovchi shaxsga berishi kerakligi aniqlangan. Tezkor tadbir davom ettirilib, dekan ham pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Farg‘ona shahrida muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan, xususiy universitet direktorining o‘rinbosari fuqaroning O‘sh davlat pedagogika universitetidagi o‘qishini Chirchiq davlat pedagogika institutiga ko‘chirib berish evaziga 2,5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Xorazm viloyati Urganch tumanida yashovchi 26 yoshli shaxs mansabdor tanishlari yordamida fuqaroni Urganch davlat universitetining boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3,5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.