Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida joylashgan Xo‘ja Ravshan obidasi hududidagi dala tadqiqotlari chog‘ida qator arxeologik topilma va tuproq qatlamlari aniqlandi, deya xabar bermoqda Madaniy meros agentligi matbuot xizmati.

Samarqand arxeologiya instituti xodimlari qazish ishlari mobaynida qishloq xarobalari orasidan Amir Temur davriga mansub 4 ta xonani topgan. Ushbu yodgorlik o‘rnida XIII-XIV asrlarda Qarshidan Buxoroga olib boruvchi gavjum aholiga to‘la karvon yo‘li joylashgan bo‘lgan.

Qishloqning bugungi kunda saqlanib qolgan qoldiqlarining maydoni 30 gektarni tashkil etadi. Mutaxassislarning taxminlariga ko‘ra, o‘sha paytlarda istiqomat qilgan ovul aholisi Chig‘atoy davrining so‘nggisi va Amir Temur zamonida madaniy jihatdan ancha taraqqiy etgan odamlaridan bo‘lgan.

Topilmalar orasida koshin, sirlangan sopol, metalldan yasalgan xo‘jalik jihozlari va boshqa noyob buyumlar bor. Tadqiqotchilar Amir Temur zamonida nafaqat shaharlar, balki qishloqlarda ham rivojlanish darajasi yuqori bo‘lgani haqida dastlabki xulosalarga kelgan.