21-avgust kuni Qozog‘istonning Turkiston viloyatida birdaniga 11 kishi Sirdaryoda cho‘kib ketib halok bo‘ldi. Bu haqda Tengrinews yozmoqda.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati soat 18:00 atrofida aholidan odamlar suvga cho‘kib ketgani haqida xabar kelib tushganini ma’lum qildi. Suzishga kelgan 20 kishidan 11 nafari cho‘kib ketgan. Ularning 5 nafari bolalar.

“Ular bir oilaning a’zolari yoki hech bo‘lmaganda qarindosh bo‘lishi mumkin. Ular daryo bo‘yida dam olishga qaror qilgan. Qirg‘oq esa juda sirpanchiq. Aftidan, ulardan biri sirpanib, cho‘ka boshlagan, boshqalari esa uni qutqarishga uringan va ular ham cho‘kib ketgan… Bu cho‘milish uchun mo‘ljallanmagan hudud hisoblanadi”, — deyiladi Turkiston viloyati hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Hozirda suvdan 8 kishining jasadi chiqarilgan, qolganlarini qidirish ishlari davom etmoqda.

Qidiruv tadbirlariga jami 144 ta brigada, 16 ta texnika va 6 ta suzish vositasi jalb etilgan. Vaziyat viloyat rahbari nazoratida, deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, fojia sodir bo‘lgan joyga viloyat hokimining o‘rinbosarlari yetib borgan. Shuningdek, qurbonlar xonadonlariga borib, yaqinlariga hamdardlik bildirilgan. Ularga tegishli yordam ko‘rsatiladi.