2024-yildan O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari AQSh Davlat departamentining terrorizmga qarshi yordam (ATA) antiterror dasturining taktik o‘quv kurslarida ishtirok etadi, deya xabar qildi O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi (DBQ) matbuot xizmati.

Mazkur kelishuvlar va o‘zaro hamkorlikning boshqa masalalari Toshkentda Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nodir Musamuhamedov va ATA dasturi rahbari Maykl Tvining tomonidan muhokama qilindi.

Shundan so‘ng xorijiy delegatsiya vakillari Milliy kinologiya markazida bo‘lib, ularga xizmat itlarining ishi namoyish etildi.

Antiterrorism Assistance dasturi 1983-yildan beri amalga oshirib kelinmoqda. Shu vaqt ichida unda 150 dan ortiq davlatdan 150 mingdan ortiq huquq-tartibot idoralari va maxsus xizmatlar xodimlari ishtirok etgan.