Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov “Andijon” klubi futbolchilariga maxsus sovg‘alar — avtomobil va iPhone 14 smartfonlari berilishini aytdi.

21-avgust kuni “Andijon” va “Olimpik” jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston Superligasining 17-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Mezbon jamoa 2−1 hisobida g‘alaba qozondi.

O‘yindan keyin viloyat hokimi stadionda futbolchilar bilan g‘alabani nishonlab, mikrofon orqali tribunadagi muxlislarga qarata shunday dedi: “Bugungi g‘alaba bilan, avvalo, hamma andijonliklarni tabriklayman. Futbolchilarga nima va’da qilgan bo‘lsam [hammasini beraman]. Hozir nima ekanini aytmayman. Xudo xohlasa, bularga kuch beraman, rag‘bat beraman. Sizlar uyoqdan qo‘llab-quvvatlaysizlar, men pul tomondan qo‘llab-quvvatlayman, sog‘ bo‘linglar”.

Shundan so‘ng viloyat rahbari gol muallifi Rubin Hebayga istalgan avtomashinasini borib tanlashini, qolgan futbolchilarga esa iPhone 14 smartfonlarini berishni va’da qildi.

“Ertaga borib, mashinani tanlasin. Sen mashinani orzu qilganmiding, ertaga borib, o‘zing tanla. Sen qaysini tanlasang, gap bo‘lishi mumkinmas, beramiz. Qolganlarga iPhone 14”, — dedi Shuhrat Abdurahmonov.

Shuningdek, u “Andijon” futbol klubini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga ham va’da berdi.