21-avgust kuni AOKAda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva 2023-yilning o‘tgan davrida O‘zbekistonda ayollarga qancha moddiy yordam ko‘rsatilgani haqida ma’lumot berdi.

Respublikada davlat OTMlarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab beriladi. Bunga har yili kamida davlat budjetidan 200 mlrd so‘m ajratiladi. Brifingda keltirilishicha, 2023-yilning o‘tgan davrida o‘quv yilining 2-yarmi uchun magistraturada o‘qiydigan 14 110 nafar xotin-qizning to‘lov-shartnomasiga 85,1 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berildi. 36 ming nafardan ziyod talaba xotin-qiz uchun 335,5 mlrd so‘m imtiyozli (foizsiz) ta’lim kreditlari ajratildi.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan mahallalarda xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida grant tanlovi o‘tkazildi. Unda 118 ta mahalladan kelgan takliflar ko‘rib chiqilib, eng yaxshi deb topilgan 66 ta loyiha uchun jami 3 mlrd 186 mln so‘m davlat granti ajratildi. Taklif etilgan loyihalarga muvofiq 1062 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, tegishli qarorlarga asosan 30 yoshdan oshgan 7,5 mln dan ortiq xotin-qiz xatlovdan o‘tkazildi. Ularning 1 mln 680 nafari “Ayollar daftari”ga kiritildi.

Ularning 831 133 nafariga tegishli tartibda quyidagi yordamlar ko‘rsatilgan:

  • 424 231 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizdan 376 327 nafari yangi ish o‘rinlari va jamoat ishlariga joylashtirildi.
  • 49 545 nafar tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizning 40 514 nafariga tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishi uchun imtiyozli kreditlar ajratildi.
  • 226 727 nafar boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizdan 171 550 nafariga bir martalik moddiy yordam berildi. Shundan 2451 nafarining uy-joyi ta’mirlab berildi.
  • 204 523 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj 1- va 2-guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlardan 159 391 nafariga bir martalik moddiy ko‘rsatildi. Shundan 1489 nafarining uy-joyi ta’mirlandi.
  • 9005 nafar uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizning 7131 nafariga yordam ko‘rsatildi. Shundan 680 nafari uy-joy bilan ta’minlandi, 6451 nafariga ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi.
  • 86 649 nafar qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand ayollardan 76 220 nafariga moddiy yordamlar berildi. Shundan 3970 nafariga tomorqadan unumli foydalanishi uchun amaliy hamda moddiy yordamlar ko‘rsatildi.

“Gazeta.uz” avvalroq mamlakat qonunchiligida ayollarga qanday imtiyoz va yengilliklar ko‘rsatib o‘tilgani bo‘yicha maqola e’lon qilgandi.