Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan uchrashuvda so‘zlagan nutqining lingvistik kontent-tahlilini o‘tkazdi. Tasviriy ifodalovchi so‘zlardan foydalanib, tahlilchilar davlat rahbari nimaga ko‘proq e’tibor qaratganini aniqlashdi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga markaz axborot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida jami 3884 ta so‘zdan foydalangan. Prezidentning nutqini tahlil qilish (asl tildan) tadbirkorlarning eng dolzarb muammolari soliqlar va kreditlar ekanligini ko‘rsatgan. Davlat rahbari tomonidan eng ko‘p tilga olingan so‘zlar “tadbirkor”, “biznes”, “soliq”, “korxona”, “tizim”, “mahsulot”, “kredit” va “jamg‘arma” bo‘lgan.

lingvistik tahlil, tadbirkorlar bilan muloqot, шавкат мирзиёев
1-rasm. Prezidentning tadbirkorlar bilan uchinchi ochiq muloqotida eng ko‘p ishlatgan so‘zlari.

Xususan, “tadbirkor” so‘zi 79 marta, “biznes” so‘zi 50 marta, “soliq” so‘zi 35 marta, “korxona” so‘zi 35 marta, “tizim” so‘zi 22 marta, “mahsulot” so‘zi 21 marta, “kredit” so‘zi 21 marta va “jamg‘arma” so‘zi 18 marta tilga olingan. “Bank” va u bilan bog‘liq so‘zlar 15 marta aytilgan.

Ikki so‘zdan tashkil topgan iboralardan “kichik biznes” iborasi 14 marta, “qo‘shilgan qiymat” iborasi 8 marta, “o‘rta biznes” iborasi 10 marta, “ochiq muloqot” iborasi 8 marta, “biznesni rivojlantirish” iborasi 4 marta va “tadbirkorlik jamg‘armasi” iborasi 3 marta tilga olingan.

lingvistik tahlil, tadbirkorlar bilan muloqot, шавкат мирзиёев
2-rasm. Yo‘nalishlar va ularda ishlatilgan so‘zlarning bog‘lanishi.

Uch so‘zdan iborat iboralardan “qo‘shilgan qiymat solig‘i” iborasi 6 marta, “biznesni rivojlantirish banki” iborasi 4 marta, “kichik biznes markazlari” iborasi 4 marta, “brendlarni jalb qilish” iborasi 4 marta, “kichik biznes loyihalari” iborasi 3 marta, “sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi” iborasi 3 marta aytilgan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, prezident nutqining 18 foiz qismi kichik biznes, 18 foiz qismi ochiq muloqot natijalari, 13 foiz qismi sodda soliq ma’murchiligi va byurokratiyasiz qulay muhit, 13 foiz qismi o‘rta biznes, 13 foiz qismi sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va boshqa masalalarga qaratilgan.

lingvistik tahlil, tadbirkorlar bilan muloqot, шавкат мирзиёев
3-rasm. Yo‘nalishlar bo‘yicha so‘zlarning taqsimlanishi.

Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidan muhim yangiliklar bilan qo‘yida “O‘xshash xabarlar” bo‘limi orqali tanishish mumkin.