Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni Prezident administratsiyasi (PA) tuzilmasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deya xabar berdi “Gazeta.uz”ning hukumatdagi manbasi. Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari bazasida (lex.uz) hali e’lon qilinmagan.

prezident administratsiyasi
Kattalashtirish uchun rasm ustiga bosing.

Avvalroq xabar qilinganidek, Prezident administratsiyasi rahbari va uning o‘rinbosarlari lavozimi tugatildi.

Agar prezident veb-saytida taqdim etilgan avvalgi tuzilma bilan solishtiriladigan bo‘lsa (qonunchilik bazasida hujjat yo‘q), maslahatchilar soni 9 tadan 11 taga ko‘paydi. Yangi tuzilmada quyidagi lavozimlar saqlanib qolindi:

  1. Prezident maslahatchisi-spichrayter (ilgari bu lavozimni Xayritdin Sultonov egallab turgan);
  2. Prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi (vakant);
  3. Prezidentning Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi (Tursinxon Xudaybergenov);
  4. Prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi (Ruslanbek Davletov);
  5. Maslahatchi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori (Mansurbek Polvonzoda).

Prezidentning iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, investisiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi (Ravshan G‘ulomov) o‘rniga iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etilmoqda.

Prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi (G‘ofurjon Mirzayev) lavozimi kadrlar siyosati bo‘yicha maslahatchi qilib o‘zgartirilmoqda.

Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik bo‘yicha maslahatchisi (Muzaffar Komilov) lavozimi din va millatlararo munosabatlar bo‘yicha maslahatchi etib o‘zgartirilmoqda.

Prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi (Odil Abdurahmonov) lavozimi tugatildi.

Prezident administratsiyasining yangi tuzilmasida maslahatchilarning yangi lavozimlari kiritildi:

  • Prezident administratsiyasi rahbari lavozimi tugatilgandan so‘ng Sardor Umurzakov egallagan maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchi;
  • energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha maslahatchi. Mart oyida Alisher Sultonov prezidentning neft-gaz, kimyo va energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi, biroq bu haqda rasman e’lon qilinmadi;
  • agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchi.

Bundan tashqari, prezidentning yana bir yordamchisi lavozimi joriy etilmoqda, uning tarkibiga yangi tashkil etilgan Axborot siyosati departamenti, prezident matbuot kotibi, Ijtimoiy rivojlanish departamenti, Yoshlar siyosati departamenti va Nazorat inspeksiyasi kiradi.

Prezidentning yana bir boshqa yordamchisi (tuzilma o‘zgarishidan oldin u Aziz Magrupov edi) qabulxona, protokol, kanselariya va rejim bo‘yicha shu’baga mas’ul bo‘ladi.

Shuningdek, tuzilmada raqamlashtirish va axborot ta’minoti departamenti, tashqi aloqalar departamenti (uning tarkibida Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili va Markaziy Osiyo xalqaro instituti ham bo‘ladi), Raqamlashtirish departamenti, Zelimxon Haydarov bosh bo‘lgan Moliya-xo‘jalik departamenti (birinchi prezident Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi va Tibbiyot bosh boshqarmasini o‘z ichiga oladi) Prezidentning alohida masalalar bo‘yicha yordamchisi ko‘rsatilgan.