Prezident 18-avgust kuni “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi endilikda volontyorlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Agentlik sohada davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etib, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Shuningdek, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi.

Qonun bilan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining volontyorlik faoliyati sohasidagi vakolatlari belgilandi.

Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga sohada normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, davlat maqsadli dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlar berildi.

27-iyun kuni Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun muhokama qilingandi.

5-avgustda esa qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan. Senat raisi Tanzila Narbayeva volontyorlik faoliyati haqida gapirib, “bu borada yaxshi, o‘ziga xos tajriba shakllanmoqda, albatta, ijobiy tendensiya bor”, deya “Yashil makon”, Sardoba fojiasi, pandemiya, Turkiyadagi zilziladan jabrlanganlarga yordam kabi ishlarni eslab o‘tgan.