Xitoyning shimoliy qismidagi Ichki Mo‘g‘uliston hududida 13-avgustga kelib aniqlangan bubonli o‘latga chalinish holatlari soni 3 taga yetdi.

Reuters xabariga ko‘ra, dastlabki holat 7-avgustda qayd etilgan bo‘lib, oradan bir hafta o‘tgach, bemor ayolning turmush o‘rtog‘i va qizi ham kasallikka chalingan. Bayonotga ko‘ra, ular bilan yaqin aloqada bo‘lganlarning barchasi karantinga olingan.

O‘lat qanchalik xavfli?

O‘lat — tabiiy o‘choqli zoonoz kasalliklar guruhiga mansub infeksiya bo‘lib, o‘ta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi. Butun insoniyat tarixida yuz bergan uchta o‘lat pandemiyasi yuzlab million odamlar hayotiga zomin bo‘lgan. O‘lat odatda tabiiy o‘choqdagi kasallik mikrobini yuqtirib olgan kemiruvchilar orasida tarqaladi. Kasal kemiruvchidan kasallik mikrobini sog‘lom kemiruvchiga burgalar va kanalar chaqishi orqali yuqadi. Kasallikning yovvoyi hayvonlar orasida keng tarqalishi epizootiya deb ataladi. Epizootiya kechayotgan xududlarda muntazam yashaydigan mahalliy aholi yoki mavsumiy ishlaydigan odamlarga kasallik burga va kanalar chaqishi orqali yuqadi.

Bunda asosan o‘latning bubonli shakli (bubon — o‘lat mikrobi zararlagan va shishgan limfa tuguni) kuzatiladi. Bubon shaklidagi o‘lat hozirda 95−98 foizni tashkil qiladi. Kasallik vaqtida aniqlanib zamonaviy davolash choralari o‘z vaqtida o‘tkazilganda deyarli barcha hollarda kasallanganlar tuzalib ketadi.

Agar o‘lat mikrobi havo orqali yuqsa o‘pka shakli, og‘izdan yuqsa, oshqozon-ichak shaklida kechadi. Shaklidan qat’i nazar, vaqtida davolanmagan bemorlarda mikrobning qonda ko‘payishi orqali sepsis shaklida og‘ir kechib, o‘limga sabab bo‘ladi.

Kasallik og‘ir intoksikatsiya sindromi, isitma, terining, limfa tugunlarining, o‘pkaning shikastlanishi, septik holat bilan tavsiflanadi.

O‘zbekistonda bu kasallik bilan bog‘liq vaziyat qanday?

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda mavjud tabiiy o‘choqlarda epiootiyalarni vaqtida aniqlab, ularning epidemiyaga aylanib ketmasligini oldini olish bilan muntazam tizimli ravishda shug‘ullanadigan o‘latga qarshi tizim muassasalari mavjud. Ular o‘choqlar faollashgan paytlarda kerakli profilaktik tadbirlar olib boriladi.

Kasallik havo va quruqlikdagi yo‘llar orqali kirib kelishining oldini olish maqsadida 50 dan ortiq chegara kesib o‘tish joylarida kechayu-kunduz faoliyatdagi sanitariya-karantin punktlari tashkil etilgan.

Yuqoridagilarni hisobga olib, bizda hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q, — deyiladi qo‘mita xabarida.