Juma va dam olish kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq va kam bulutli ob-havo saqlanib turadi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

O‘zbekistonda hafta o‘rtasidan boshlab salqin havo chekina boshladi va harorat asta-sekin ko‘tarildi.

18-avgust, juma kuni va 19−20-avgust — dam olish kunlari O‘zbekiston bo‘yicha harorat yana 1−2 darajaga ko‘tariladi va kechalari +18…+20 daraja, kunduz kunlari +35…+37 daraja atrofida, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +38…+39 darajagacha bo‘ladi.

Bunday harorat avgust oyi o‘rtasi uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlarga yaqin va eng issiq yillarda avgust oyida O‘zbekiston hududi bo‘yicha kuzatilgan haroratdan nisbatan past.

20-avgust kuni shimolda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.

Poytaxtda 18−20-avgust kunlari havo kam bulutli bo‘ladi. Bugun kunduzi va dam olish kunlari harorat +34…+37 daraja bo‘ladi. Shamol sharqdan birozdan o‘rtachagacha esadi.