AQSh prezidenti Jo Bayden O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni “Markaziy Osiyo — AQSh” (“C5+1”) formatidagi birinchi sammitga taklif qildi. Amerika prezidentining maktubi matni Forbes jurnali tomonidan e’lon qilindi.

“Gazeta.uz"ning hukumatdagi manbasi bunday sammit rejalashtirilayotganini tasdiqladi va uni o‘tkazish tashabbusi bilan AQSh chiqqanini ma’lum qildi.

11-avgustdagi maktubda aytilishicha, Markaziy Osiyo va AQSh prezidentlarining uchrashuvi 19 yoki 20-sentabrga belgilangan. Shu kunlarda Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasining ochilishi bo‘lib o‘tadi.

“Men BMT Bosh Assambleyasining bo‘lajak sessiyasini intiqlik bilan kutmoqdaman, unda biz xalqlarimiz hayotidagi eng muhim masalalar bo‘yicha progresga erishamiz. Umid qilamanki, siz men va boshqa yetakchilarimiz bilan 19 yoki 20-sentabrdagi rasmiy „S5+1“ yig‘ilishida birgalikda xavfsizlik, iqtisodiy va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadlariga erishish uchun qanday qilib birgalikda ishlashni davom ettirishimiz mumkinligini muhokama qilamiz”, — deb yozgan Jo Bayden.

U Shavkat Mirziyoyevga “AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash yo‘lida hamkorlikda ish olib borayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Jo Bayden o‘tgan yil davomida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik “yangi cho‘qqilarga ko‘tarilganini, jumladan, savdo va sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlash, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy muammolarni hal etishda birgalikda harakat qilish"ni ta’kidladi.

“AQSh ham sizning siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlaringizni qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi”, — deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.

“Bundan tashqari, shu yil boshida qizingiz Saidani [Mirziyoyeva] Oq uyda kutib olish biz uchun sharaf edi. Uning faolligi va sizning gender va oiladagi zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortish borasidagi dadil qat’iyatingiz tahsinga loyiq”, — deyiladi maktub yakunida.

Shavkat Mirziyoyev 2018-yil may oyida AQShga rasmiy tashrif bilan borgan edi. U Oq uyda o‘sha paytdagi prezident Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazgandi. O‘shanda davlat rahbarlari “O‘zbekiston — AQSh: strategik sherikligi yangi davrining boshlanishi” qo‘shma siyosiy bayonotini imzolagan.

Prezidentlikka saylanganidan keyingi yil, 2017-yil sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida nutq so‘zladi. O‘zbekistonning yangi qiyofasini shakllantirish, tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari va terrorizmga qarshi kurash usullarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi haqida gapirdi.