15-avgust kuni Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga ko‘maklashish dasturi (BOMKA) 213 ming 352 yevroga teng kompyuter texnikalari va maxsus jihozlarni O‘zbekistonning bir qator davlat idoralariga topshirdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi xabar bermoqda.

BOMKA dasturi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan. Dastur texnik jihozlarni ularning harakatlarini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan davlat idoralarining texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida sotib oldi.

Xususan, qiymati 154 ming 050 yevroga teng Regula rusumli pasport o‘qish moslamalari, hujjatlarning haqiqiyligini tekshrish moslamalari va 1003M-14 rusumli ixcham lupa qurilmalari Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlariga berildi. Bu jihozlardan O‘zbekistonning Afg‘oniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan chegaralaridagi nazorat-o‘tkazish punktlarining birinchi nazorat chizig‘ida hujjatlarni tekshirish va shaxslarni aniqlashda foydalaniladi.

Bojxona qo‘mitasining Bojxona institutiga 39 ming 070,81 yevrolik kompyuter texnikalari yetkazib berildi. Uning tarkibida o‘quv jarayonini boshqarish bo‘yicha axborot tizimi uchun dasturiy ta’minot — ish stansiyasi, o‘quv jarayonini LCD ekran va boshqa jihozlar yordamida multimediali vizualizatsiya qilish uchun dasturiy ta’minotga ega server bor.

Bundan tashqari, BOMKA tomonidan Tashqi ishlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligiga 20 ming 231,31 yevro miqdoridagi kompyuter texnikalari ham taqdim etildi.

BOMKA Yevropa Ittifoqining Hamkorlar konsorsiumi hamda Migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi tomonidan amalga oshiriladi. Hamkorlar konsorsiumi Latviya Respublikasi Davlat chegarasini qo‘riqlash xizmati tomonidan boshqariladi.