Iordaniyada sport kurashlari bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘tkazilmoqda. Unda 19 yoshli o‘zbekistonlik erkin kurashchi Nodirbek Jumanazarov bronza medalini qo‘lga kiritdi.

U 1/8 finalda yaponiyalik raqibiga imkoniyatni boy berdi. Qayta tiklash bahslarida qirg‘izistonlik raqibidan ustun keldi. So‘ng uchinchi o‘rin uchun kechgan bellashuvda hindistonlik Sagar Sagarga qarshi gilamga chiqdi va raqibni 10:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Uning so‘nggi jangi aks etgan lavhani ushbu havola orqali ko‘rish mumkin.

Natijalarga ko‘ra, uning dastlabki raqibi yaponiyalik Yuto Nishiuchi birinchi, amerikalik Lyuk Jozep ikkinchi o‘rinni egalladi, armanistonlik Edik Harutyunyan va Nodirjon Jumanazarov uchinchi o‘rin sifatida sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Eslatib o‘tamiz, bu uning jahon chempionatidagi ilk sovrini emas, u 2021-yil Vengriyaning Budapesht shahrida o‘tgan sport kurashlari bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida kumush medalga ega chiqqandi.