O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbari Sardor Uktamovich Umurzoqov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan u prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.

U 2022-yil iyulidan beri Prezident administratsiyasi rahbari, ungacha esa bosh vazirning Investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimida ishlab kelgan.

Avvalroq Sunnatilla Bekenov O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari yordamchisi lavozimidan ozod etilgandi.

Shuningdek, Furqat Jalolovich Raximov Prezident administratsiyasining Ijro etuvchi apparati tahliliy materiallarni tayyorlash va administratsiya bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish shu’basi mudiri lavozimidan ozod etildi. U bu lavozimda 2022-yil 1-noyabrdan beri ishlab kelayotgandi. U, shuningdek, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi kotibiyati rahbari lavozimlarida ishlagan.