O‘zbekiston Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Sharipov Baxrom Qurbonovich boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda. Uning qaysi ishga o‘tgani ma’lum emas. Sharipov qo‘mitaga 2022-yilning 19-oktabr kuni rahbar etib tayinlangandi.

U 1974-yilda Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanida tug‘ilgan. 1996-yili Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti (kunduzgi shakl), 2004-yil Termiz davlat universiteti (sirtqi)ni tamomlagan.

Baxrom Sharipov Termiz shahar va Surxondaryo viloyati “Kamolot” jamg‘armasida turli lavozimlarda, shuningdek, viloyati hokimi yordamchisi, Surxondaryo sanoat, qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish kombinati kotibiyat mudiri — Surxondaryo viloyati “Avtotexizmat” AJ raisi hamda bir qator xususiy kompaniyalar bosh direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

Tayinlovga qadar u “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan. Bundan tashqari, Erkin Xayitov qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga, Miryashin Sagatov esa rais o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Shu bilan birga, Sherzod Asadov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.