Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 20-maktabning o‘qituvchilari ta’mirlash ishlariga jalb etilgani haqidagi xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Telegram`dagi Eltuz kanalida maktab direktori o‘qituvchilarga 2022-yilda mahalliy budjetdan mablag‘ ajratilib ta’mirlangan maktabni qayta ta’mirlatayotgani, kim bu ishlarga qatnashmasa, dars olishni xayoliga keltirmasligi haqida xabar joylangan.

Vazirlikning viloyat boshqarmasi direktor o‘qituvchi va ishchi xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilganini tasdiqladi.

️Shu sababli unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 2-qismiga asosan BHMning 100 barobari, ya’ni 33 mln so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llandi.

Ma’lumot uchun, 27-mart kuni prezident o‘qituvchilarni mehnatga majburlaganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlikni belgilovchi va mehnatga noqonuniy aralashganlik uchun jazoni kuchaytiruvchi qonunni imzolagandi.