Toshkent shahri va Toshkent viloyatida sintetik giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi, deya xabar бермоқда DXX matbuot xizmati.

Xususan, Toshkentning Olmazor tumanida yashovchi, 1999-yilda tug‘ilgan shaxs muqaddam narkokur’erlar tomonidan Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi xufiyona joyga qoldirib ketilgan 3 kg 906 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u ushbu giyohvandlik vositasini Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi, 1998-yilda tug‘ilgan ayolning ko‘rsatmasiga asosan olganini ma’lum qildi va tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur ayol tomonidan ijaraga olingan xonadon ko‘zdan kechirildi. Natijada ushbu manzilda narkotik moddalarni kichik bo‘laklarga bo‘lib, internet orqali sotuvga chiqarish uchun sharoit yaratilgani aniqlandi.

Shuningdek, ushbu noqonuniy ishga — ayolning 1995-yilda tug‘ilgan opasi ham aloqadorligi aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.

Boshqa holatda esa Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi, 1987 va 1988-yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro muqaddam narkokur’erlar tomonidan Toshkent tumani hududidagi xufiyona joyga yashirib ketilgan 927 gr “Metamfetamin” sintetik giyohvandlik vositasini olgan vaqtlarida ushlandi.

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 1999 va 2002-yillarda Qarshi shahrida tug‘ilgan, Olmazor tumanida ijarada yashovchi ikki nafar fuqaro uchinchi shaxslar tomonidan yashirib ketilgan 857 gr “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasini olgan vaqtlarida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda