2023/2024 o‘quv yilidan O‘zbekistonda xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan tibbiyot oliygohlari va Abu Ali bin Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi talabalari uchun stipendiya joriy etildi. Bu haqda 11-avgust kuni Sog‘liqni saqlash vaziri tegishli buyruqni qabul qildi.

Hujjatga ko‘ra, stipendiya olmoqchi bo‘lgan talabada ingliz tilini bilish darajasi xalqaro tan olingan sertifikat IELTS Academic bo‘yicha kamida 7,5 ball bo‘lishi kerak. Nemis va fransuz tilini bilish darajasi bo‘yicha S1 xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi shart.

Talabalarga 1-sentabrdan boshlab, ularning sertifikati amal qilish davrida bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning uch barobariga teng (990 ming so‘m) har oylik stipendiya to‘lab boriladi.

Keltirilishicha, bu stipendiya tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalariga beriladigan to‘lovga qo‘shimcha ravishda beriladi.

Stipendiya olish uchun oliygoh rektorlari hamda texnikum direktori har chorakda nomzodlar to‘g‘risidagi qo‘shimcha ma’lumotni vazirlikning Ilm-fan va ta’lim boshqarmasiga kiritib borishi belgilangan.