Mirobod tumanidagi poliz mahsulotlarini qadoqlash sexida 6 mingdan ziyod xonadonning bir oylik iste’moliga teng hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelingani aniqlandi, deya xabar qildi Energetika vazirligi.

Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Toshkent shahar prokuraturasi va “Hududgaz Poytaxt” GTF xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Mirobod tumani, “Oltinko‘l” mahallasi, A.Fitrat ko‘chasida yashovchi fuqaro A.F.ga tegishli poliz mahsulotlarini qadoqlash sexida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelingani aniqlandi.

Iste’molchi tomonidan gazlashtirish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirmasdan gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib foydalangani oqibatida dastlabki hisob-kitoblarga asosan tizimga jami 824 mln 417 ming 510,4 so‘m (1 mln 249 ming 117,44 kub metr) miqdorida zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

“Ushbu hajmdagi tabiiy gaz bugungi kunda 6 mingdan ziyod xonadonning bir oylik iste’molini tashkil qiladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Aniqlangan holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.