10-avgust kuni Toshkent viloyati ekologiya boshqarmasi Ohangaron tumani inspektori A.Mirzaahmedovga xizmat vaqtida tan jarohati yetkazildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Inspektor somondan bo‘shagan yer maydonlari yoqib yuborilgani holatini o‘rganish maqsadida Ohangaron tumanidagi “Oybuloq” mahallasida joylashgan fermer xo‘jaligiga borgan. O‘rganish davomida bir guruh shaxslar unga qarshilik ko‘rsatgan.

Inspektor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va unga yordam ko‘rsatilgan, ahvoli yaxshi deb baholanmoqda.

Bosh prokuraturaning bildirishicha, xodimga kuch ishlatgan fuqaro F.O‘. bo‘lib, uning xizmat guvohnomasi hamda ish hujjatlarini tortib olib, ularga shikast yetkazgan.

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219- (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.