14-avgust kuni soat 15:40 atrofida Toshkent shahrining Sergeli tumanida Saz-Le 60 rusumli avtobus beton ustunga urildi, deya xabar bermoqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati.

Haydovchi “12-avtobus saroyi” filiali tasarrufida bo‘lgan Saz-Le 60 rusumli, 184-sonli avtobusni boshqarib kelayotib, beton ustunga urilgan. Voqeaga haydovchining rul boshqaruvini yo‘qotishi sabab bo‘lgan.

“Toshshahartransxizmat” ma’lumotlariga ko‘ra, avtobusga u bilan bir yo‘nalishda harakatlangan tirkamali yuk mashinasi xalaqit bergan. Shundan keyin haydovchi avtobusni avval o‘ng tarafdagi stolbaga, so‘ng yo‘lni ajratuvchi betonli to‘siqqa urgan.

“Avtobusdagi yo‘lovchilar jarohatlanmagan, haydovchi o‘ng oyoq tizza pasti lat yeyish jarohati bilan 16-sonli Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markaziga yuborilgan. Avtobus texnik shikastlangan”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Biroq YHXB hodisa oqibatida haydovchi bilan birga yana 3 nafar yo‘lovchi — 30 yoshli B.F. hamda 2 va 11 yoshli bolalar jarohat olib shifoxonaga murojaat qilganini bildirdi.

Oxirgi paytlarda, xususan, iyul oyida poytaxtda yangi avtobuslar ishtirokida qator YTHlar sodir bo‘ldi. Ularni quyidagi o‘xshash xabarlar bo‘limida o‘qish mumkin.