Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Fuqarolar uchun budjet” nashrining 2022-yilgi budjet ijrosiga yuzasidan tayyorlangan sonini e’lon qildi. “Gazeta.uz” undagi asosiy ma’lumotlarni taqdim etadi.

“Fuqarolar uchun budjet” axborot nashri haqida

“Fuqarolar uchun budjet” axborot nashri Birlashgan Millat tashkiloti Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi “O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni moliyalashtirish” qo‘shma loyihasini amalga oshirish dasturi doirasida tayyorlanadi.

Bu nashr orqali fuqarolar, Davlat budjetining 2022-yilgi daromadlar va xarajatlari ijrosi, yil yakuni bo‘yicha asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, mahalliy budjetlar ijrosi, davlat budjeti taqchilligi va uni qoplash manbalari, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xarajatlar hamda Tashabbusli budjetlashtirish amaliyoti bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar bilan tanishishi mumkin.

Asosiy ko‘rsatkichlar

O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’ati 2022-yilda 5,7 foizni tashkil qildi va YAIM hajmi joriy narxlarda 888,3 trln so‘mni yoki 80,4 mlrd AQSh dollarini (2022-yilda AQSh dollariga nisbatan rasmiy almashuv kursi o‘rtacha 11 051,2 so‘m) tashkil qildi.

2022-yilgi davlat budjeti, иқтисодиёт va moliya vazirligi, fuqarolar uchun budjet

2022-yil yanvar-dekabr oylari uchun iste’mol narxlari indeksi 12,3 foizni tashkil etdi, oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘rtacha 15,6 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 10,7 foizga, xizmatlar narxi esa 8,3 foizga ko‘tarildi.

2022-yilgi davlat budjeti, иқтисодиёт va moliya vazirligi, fuqarolar uchun budjet

2022-yil yakunlariga ko‘ra tashqi savdo aylanmasi 50 mlrd 8,4 mln dollarni tashkil etib, 2021-yilga nisbatan 18,6 foizga o‘sdi. Asosan sanoat mahsulotlari, oltin, xizmatlar, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar eksport qilindi. Import tarkibida esa mashinalar va transport uskunalari, sanoat mahsulotlari, kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar asosiy o‘ringa ega bo‘ldi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022-yil yakuniga kelib, konsolidatsiyalashgan budjetning umumiy fiskal balansi taqchilligi YAIMning 4,0 foizini tashkil etdi.

“budjetga tushumlarning ortishi karantin cheklovlarining yumshatilishi bilan, iqtisodiy o‘sish sur’atlarining tiklanishi, shuningdek qimmatbaho metallarga jahon narxlarining yuqori darajada saqlanib qolinishi bilan bog‘liq bo‘ldi. budjet xarajatlarining o‘sishi aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qo‘shimcha xarajatlarning ajratilishi, markazlashtirilgan investitsiyalar hajmining ko‘payishi, shuningdek iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi bilan bog‘liq”, — deyiladi hisobotda.

2022-yilda daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi salbiy saldo 35 trln 252,8 mlrd so‘mni tashkil etdi (prognoz bo‘yicha bu ko‘rsatkich 25 trln 546,1 mlrd so‘m bo‘lishi kerak edi).

2022-yilgi davlat budjeti, иқтисодиёт va moliya vazirligi, fuqarolar uchun budjet

Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi salbiy saldo mo‘ljallanganidan karrasiga ko‘p bo‘ldi va 15 trln 654,7 mln so‘m o‘rniga 35 trln 418,9 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bunga asosiy sabab xarajatlarning mo‘ljallanganidan sezilarli darajada ko‘p bo‘lgani hisoblanadi. Yil davomida Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjeti xarajatlari 274 trln 996,4 mlrd so‘mga yetgan (yil boshida 247 trln 90,5 mlrd bo‘lishi mo‘ljallangan).

2022-yilgi davlat budjeti, иқтисодиёт va moliya vazirligi, fuqarolar uchun budjet

Daromadlar

Davlat budjeti daromadlari 2022-yil yakuni bilan 201 trln 863,7 mlrd so‘mni tashkil qilib, prognozga nisbatan 1 trln 525 mlrd so‘mga ko‘proq bo‘ldi. Daromadlar 2021-yilga nisbatan 37 trln 64,2 mlrd so‘mga oshgan.

2022-yilgi davlat budjeti, иқтисодиёт va moliya vazirligi, fuqarolar uchun budjet

2022-yilda bilvosita soliq tushumlari prognoz ko‘rsatkichlaridan past bo‘lishiga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplab berish haqiqatda 19,3 trln so‘mni tashkil etib, prognozga (12,5 trln so‘m) nisbatan deyarli 1,6 baravar ko‘p qaytarilgani sabab bo‘lgan.

Mobil aloqa xizmatlari va polietillen uchun aksiz solig‘i stavkasining pasayishi, shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish hajmining pasayishi aksiz solig‘i tushumlari prognozining bajarilishiga ta’sir ko‘rsatgan.

Davlat budjeti daromadlari tarkibida bevosita soliqlarning ulushi (31,9 foiz) biroz kamaydi, bilvosita soliqlar budjet daromadlarining 35,4 foizini tashkil etdi. Resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i 11,8 foizni, boshqa daromadlar esa jami daromadning 20,9 foizini tashkil etdi.

2022-yilda foyda solig‘i tushumlari 37 trln 649,9 mlrd so‘mni tashkil qildi, shundan jami tushumning 17 trln 393,7 mlrd so‘m yoki 46 foizi oltin va mis qazib chiqaruvchi korxonalarga to‘g‘ri keldi. Foyda solig‘i tushumlari 713 mlrd so‘mga, yoki 2021-yilga nisbatan 1,9 foizga kamaygan.

Foyda solig‘i tushumlari kamayishiga asosiy sabab amortizatsiya ajratmalari normalari o‘rtacha 2 baravar oshirilgani bo‘lgan, buning natijasida 1,3 trln so‘m mablag‘ xo‘jalik subyektlari ixtiyorida qoldirilgan.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlari 2021-yilga nisbatan 5 trln 366,9 mlrd so‘m yoki 28,4 foizga o‘sib, 24 trln 284,5 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Bu soliq tushumlarining oshishiga quyidagi omillar ta’sir qilgan:

  • budjet sektoridagi eng kam ish haqi miqdorining 2021-yilga nisbatan o‘rtacha 14,7 foizga o‘sishi;
  • Ishchi xodimlar sonining legalizatsiya hisobiga soliq to‘lovchilar sonining 5 mln 18 ming nafargacha oshishi (2021-yilga nisbatan 215 mingga yoki 8 foizga ko‘p);
  • Mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi miqdorining 156,9 trln so‘mgacha oshishi (2021-yilga nisbatan 30,7 trln so‘m yoki 25 foizga ko‘p).

Aylanmadan olinadigan soliqlar bo‘yicha tushum 2021-yilga nisbatan 863,3 mlrd so‘mga yoki 52,3 foizga oshgan va 2 trln 512,7 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Qo‘shilgan qiymat solig‘i 2021-yilga nisbatan 13 trln 750,4 mlrd so‘m yoki 35,8 foizga oshgan va 52 trln 189,4 mlrd so‘mni tashkil etgan. Aksiz solig‘i tushumi 13 trln 455,0 mlrd so‘mga yetdi va 2021-yilga nisbatan 368,5 mlrd so‘m yoki 2,8 foizga oshdi. Bojxona bojlari bo‘yicha tushumlar 5 trln 745,7 mlrd so‘mni tashkil etdi (2021-yilga nisbatan 980,8 mlrd so‘mga ko‘p). Resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i bo‘yicha tushum 23 trln 912,8 mlrd so‘m, 2021-yilga nisbatan 876,4 mlrd so‘m ko‘proq bo‘ldi.

Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari 2021-yilga nisbatan 1 trln 924,6 mlrd so‘m, yoki 12,2 foizga kamaydi va 13 887,4 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bunda asosiy omil qimmatbaho va rangli metallar bo‘yicha stavka 10 foizdan 7 foizga, oltin bo‘yicha davlat ulushiga ega korxonalarga stavka 15 foizdan 10 foizga pasaytirilgani va soliqning unifikatsiya qilinishi bo‘lgan. Bularning ortidan tushumlar 2,8 trln so‘mga kamaygan.

Mol-mulk solig‘i tushumlari 4 trln 15,4 mlrd so‘mga yetgan va 2021-yilga nisbatan 1 trln 558,1 mlrd so‘m, yoki 63,4 foizga oshgan. Tushumlar yuridik shaxslarda 2021-yilga nisbatan 2 barobarga, jismoniy shaxslarda 10,6 foizga oshgan. Yer solig‘i tushumlari 2021-yilga nisbatan 1 trln 223,1 mlrd so‘m, yoki 30 foizga oshgan va 5 trln 305,9 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Boshqa daromadlar va soliq bo‘lmagan tushumlar 42 trln 113,7 mlrd so‘mni tashkil etdi va 2021-yilga nisbatan 58,7 foizga oshdi. Tushumlarning asosiy qismi davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalar to‘lagan dividentlar hisobiga to‘g‘ri kelgan — 27 trln 247,2 mlrd so‘m.

2022-yilgi davlat budjeti, иқтисодиёт va moliya vazirligi, fuqarolar uchun budjet

Yirik soliq to‘lovchilarning soliq tushumlaridagi ulushi quyidagicha bo‘lgan:

2022-yilgi davlat budjeti, иқтисодиёт va moliya vazirligi, fuqarolar uchun budjet

Xarajatlar

Davlat budjetining 2022-yil xarajatlari 2021-yilga nisbatan 48 trln 434,9 mlrd so‘mga oshib, 236 trln 692 mlrd so‘mni tashkil etdi.

2022-yilgi davlat budjeti, иқтисодиёт va moliya vazirligi, fuqarolar uchun budjet

2022-yilda Davlat budjeti xarajatlarining 49,7 foizini ijtimoiy soha xarajatlari tashkil etdi. Ijtimoiy soha xarajatlarining asosiy qismi ta’lim sohasiga yo‘naltirildi.

2022-yilgi davlat budjeti, иқтисодиёт va moliya vazirligi, fuqarolar uchun budjet

Ta’limga amalga oshirilgan xarajatlarning 66 foizi umumiy ta’limga, 20 foizi maktabgacha ta’limga va 14 foizi kadrlar tayyorlashga yo‘naltirildi.

2022-yilda davlat budjetining umumiy o‘rta ta’limga xarajatlari 2021-yilga nisbatan 21,6 foizga oshdi va 33 trln 138,1 mlrd so‘mni tashkil etdi. Xarajatlar asosan ish haqining oshishi hamda ta’lim muassasalarida ishlaydigan ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lash uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratish hisobiga tasdiqlangan parametrlarga nisbatan oshgan.

2022-yilgi davlat budjeti, иқтисодиёт va moliya vazirligi, fuqarolar uchun budjet

2022-yilda oliy ta’lim muassasalarini saqlash xarajatlari 4 trln 849,4 mlrd so‘mni tashkil etdi. 2022-yilda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasidan 174 ming 677 ta talabaga 1 trln 713,7 mlrd so‘m ajratildi.

Amalga oshirilgan xarajatlarning tasdiqlangan parametrlardan oshishiga boshqa ijtimoiy soha tarmoqlari kabi tibbiyotda ham ish haqining oshirilishi asosiy sabablardan biri bo‘lgan. Prezidentning 2022-yil 17-maydagi farmoniga asosan 2022-yilning 1-iyunidan tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarning oylik lavozim maoshlari oshirilib, bu maqsadlarga davlat budjetidan qo‘shimcha 2,2 trln so‘m yo‘naltirildi.

2022-yilda madaniyatga davlat xarajatlari 2 trln 259,3 mlrd so‘mni tashkil etdi.

2022-yilgi davlat budjeti, иқтисодиёт va moliya vazirligi, fuqarolar uchun budjet

2022-yilda ijtimoiy himoya uchun amalga oshirilgan xarajatlar 2021-yilga nisbatan 78,3 foizga yoki 8 trln 516,8 mlrd so‘mga oshib, 19 trln 397,1 mlrd so‘mni tashkil etdi. Ijtimoiy xarajatlarning oshishi ijtimoiy nafaqa to‘langan oilalar sonining oshishi va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi bilan izohlangan.

2022-yilgi davlat budjeti, иқтисодиёт va moliya vazirligi, fuqarolar uchun budjet

Iqtisodiyotga xarajatlar 2021-yilga nisbatan 61 foizga yoki 12 trln 921,2 mlrd so‘mga oshib, 34 trln 90,9 mlrd so‘mni tashkil etdi. Iqtisodiyotga amalga oshirilgan xarajatlarning oshishi qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 4 trln 550 mlrd so‘m miqdorida beg‘araz moliyaviy yordam ko‘rsatilishi hamda “UzGasTrade” AJ tomonidan tabiiy gazni sotib olish va sotish o‘rtasida yuzaga kelgan zararni qoplash uchun 6 trln 695,3 mlrd so‘m miqdorida xarajatlarni amalga oshirilishi bilan bog‘liqligi aytilgan.

2022-yilgi davlat budjeti, иқтисодиёт va moliya vazirligi, fuqarolar uchun budjet