O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati qo‘shni davlat hududidan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan katta miqdordagi narkotik moddani aniqladi, deya xabar bermoqda DXX axborot xizmati.

Xususan, Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanining chegara hududidan o‘tuvchi Amudaryo qirg‘og‘idagi qamishlar orasiga noma’lum shaxslar tomonidan yashirib ketilgan 1 dona polietilen qop topilgan. U xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida ichida 10 dona o‘ramda giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu o‘ramlarda sof vazni 10 kg. 38 gr. bo‘lgan opiy moddasi borligi ma’lum bo‘lgan. Holat yuzasidan DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontrabanda) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda ushbu narkotik modda egalarining shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Surxondaryo — Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia avtomashinasi Ko‘kdala tumanida joylashgan “Umakay” YPX maskanida to‘xtatilgan. Denov tumanida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvida bo‘lgan ushbu mashina ko‘zdan kechirilganida uning salon qismiga yashirib qo‘yilgan 935 gr. opiy va 200 gr. gashish moddalari borligi aniqlangan va protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan DXX Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.