Telegram`dagi Eltuz kanalida Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi 28-maktabda o‘qituvchilar maktabni tozalash ishlariga jalb qilingani haqida xabar berildi.

Unda xodimlar muassasa direktori Nafisa Abdrimovaning topshirig‘i bilan ishga chaqirilgani haqida so‘z borgan. Xabar viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat nazorati inspeksiyasi tomonidan o‘rganildi va o‘z tasdig‘ini topdi.

Tashkilot rahbari xodimlarni Mehnat kodeksining 115-moddasi (Ish vaqtining normal muddati)ga zid ravishda mehnat shartnomasida ko‘rsatilmagan, o‘z xizmat vazifalari doirasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilgani aniqlandi.

Shu sababli unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi (Mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bilan ma’muriy jarima qo‘llandi. Bunda jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdori (330 ming so‘m)ning 5 baravaridan 10 baravarigacha etib ko‘rsatilgan.