Tarmoqlarda Farg‘ona viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi (HETK) binosiga bir necha shaxslar bostirib kirib, korxona xodimiga nisbatan jismoniy kuch ishlatgani, oqibatda xodim shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgani haqida videoxabar tarqaldi.

Unda, shuningdek, bemorning ahvoli kun sayin og‘irlashib borayotgani va binoga bostirib kirgan shaxslar hanuz ozodlikda yurgani bayon etilgan.

Farg‘ona viloyati IIB holatga munosabat bildirarkan, voqea 7-avgust kuni sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, shu kuni korxonaning kadrlar bo‘limi boshlig‘i U.M. korxona hisobchisi N.X.ga qo‘ng‘iroq qilib, ishga kelmagani yuzasidan suhbatlashgan. Jarayonda ayolning turmush o‘rtog‘i X.N. bilan o‘zaro janjal kelib chiqqan. X.N. turmush o‘rtog‘i hamda 2 nafar tanishi bilan korxonaga kelib, U.M.ni qo‘llari bilan urib, unga tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, uning boshqaruvidagi avtomashina oynasini sindirgan.

Sud tibbiy ekspertizasi xulosasida U.M. da yopiq kalla miya jarohati, bosh miya chayqalishi, o‘ng peshana sohasida lat yara, o‘ng ko‘z qovoqlarida qontalash, pastki lab o‘ng tomonida lat yara, chap quloq suprasi orqa yuzasida qontalash, pastki jag‘ o‘ng iyak sohasida qontalashlar aniqlangan.

Bu jarohatlar sog‘liqning 6 kundan ko‘p, ammo 21 kundan kam bo‘lgan muddatga buzilishiga olib keluvchi yengil shikastlar toifasiga kirishi ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan X.N.ga nisbatan Farg‘ona shahri IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.

Yuqoridagi shaxsning aybi sudda o‘z isbotini topsa, u bazaviy hisoblash miqdori (330 ming so‘m)ning 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.