“Tashabbusli budjet"ning 2023-yil 2-mavsumiga loyihalar kiritish bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. Unga 17-iyul kuni start berilgandi.

Bu mavsumda respublika bo‘ylab 9426 ta mahalladagi infratuzilma yaxshilanishi uchun jami 49 464 ta taklif kelib tushdi. Loyihalarning eng ko‘pi Surxondaryo viloyatida kiritilgan — 12 279 ta. Qolgan viloyatlardan kiritilgan takliflar soni 4 mingtagacha. Shuningdek, respublikadagi eng ko‘p loyiha ichki yo‘llarni ta’mirlash bilan bog‘liq (15 140 ta). Bundan tashqari mahallasi hududini obodonlashtirishni istab portalga taklif yozganlar soni 14,8 mingtadan oshgan.

open budget

open budget

Endi bu loyihalar 20 kun davomida saralab olinadi. Uni har bir tuman (shahar) hokimliklari qoshida tashkil etilgan ishchi komissiyalar qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi. Saralangan loyihalarga ovoz berish bosqichi 27-avgustdan boshlanadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu mavsum uchun tuman (shahar) budjetlari hisobidan 1 trln so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirilishi kutilmoqda. Bu mablag‘lar mavsum yakuniga qadar ortib borishi aytilgan.

Fuqarolar jarayonda ishtirok etish shartlari bo‘yicha o‘zini qiziqtirgan savollarga ushbu havola orqali javob olishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, 2022-yil 12-oktabr kungi yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yildan viloyat budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining 30 foizi “Tashabbusli budjet” loyihalariga berilishini ma’lum qilgandi.

“Umuman, kelgusi yildan boshlab mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina „Tashabbusli budjet“ orqali aholi ovoz bergan loyihalarga ajratiladi. Bunda „Tashabbusli budjet“ loyihalari uchun mablag‘lar 3,5 baravarga oshirilib, 8 trln so‘mga yetkaziladi”, — degandi prezident.

2023-yil fevral oyida “Tashabbusli budjet” 1-mavsumiga jami 1,7 trln so‘m ajratilishi ma’lum bo‘lgan. Jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflarni moliyalashtirish uchun 2023-yilda budjetdan ajratiladigan jami 8 trln so‘m mablag‘ quyidagicha taqsimlanishi rejalashtirilgan:

  • 2 trln so‘m — “Tashabbusli budjet” jarayonlari uchun tuman va shahar budjetlarida rejalashtirilgan;
  • 320 mlrd so‘m — “Mening yo‘lim” loyihasi doirasida tuman va shahar budjetlarida rejalashtirilgan;
  • 4 trln so‘m — “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirish uchun.