4-avgust kuni O‘zbekiston metallurgiya kombinati Citibank`ning London filiali bilan kafolatsiz va garovsiz 100 mln dollarlik shoshilinch kredit liniyasini imzoladi, deb xabar berdi “O‘zmetkombinat” matbuot xizmati.

Kredit shartnomasi ingliz qonunchiligiga asoslanadi va bir yil muddatga tuziladi, deyiladi xabarda.

Kompaniya jalb qilingan pullardan aylanma mablag‘larni moliyalashtirish va mavjud kredit portfelini qayta moliyalashtirish uchun foydalanishni rejalashtirmoqda, bu “qarz kapitalining o‘rtacha qiymatini va tegishli moliyaviy xarajatlarni kamaytiradi”, deya qo‘shimcha qildi O‘zmetkombinat.

Allen & Overy va Centil kompaniyalari bitim bo‘yicha huquqiy maslahatchi sifatida harakat qilishdi.

Eslatib o‘tamiz, hozirda “O‘zmetkombinat” qoshida 2026-yilda ishga tushirilishi kutilayotgan quyma-prokat majmuasi qurilmoqda. Bu tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yiliga ikki baravar — 1 mln tonnadan 2,1 mln tonnagacha oshirishga yordam berishi kutilmoqda. Biroq bungacha korxonaning qarz yuki darajasi keskin oshadi: agar 2021-yilda korxona qarzlari miqdori taxminan uning yillik foydasiga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda undan 2,8 barobar oshadi, deb yozmoqda Spot.

Nashr “O‘zmetkombinat” qarzining o‘sishi haqida uning moliyaviy direktori Tatyana Budeyning so‘zlaridan iqtibos keltiradi: “Qarzlar bo‘yicha barcha to‘lovlar ishlab chiqarish boshlanganidan keyin boshlanadi. Shunga ko‘ra, hech kim “O‘zmetkombinat”ning joriy ishlab chiqarishi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga yo‘naltirilgan kreditlarni to‘lash uchun qo‘shimcha pul oqimi olib kelishi kerak, deb aytmaydi”, — dedi u avgust oyi boshida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.