Poytaxt va Toshkent viloyatidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH)da tekshiruvlar o‘tkazilib, 5 ta “zapravka”da jami 11 mlrd 54 mln 643 ming so‘mlik tabiiy gaz o‘g‘irlangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Tekshiruvlar 27-iyuldan 5-avgustgacha olib borilgan. Jumladan:

  • Toshkent viloyati Piskent tumanida joylashgan “Kamolot istiqlol ko‘makchisi” MCHJga qarashli 3 ta AGTKSHda jami 7 mlrd 822 mln 675 ming so‘mlik;
  • Toshkent viloyati Chinoz tumanida joylashgan “Koshona poydevori” MCHJga qarashli AGTKSHda 1 mlrd 907 mln 168 ming so‘mlik;
  • Toshkent shahri Sergeli tumani “Qorasuv” MFYda joylashgan “Nur Ziyod fayz biznes” MCHJga qarashli AGTKSHda 1 mlrd 324 mln 800 ming so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi.

Ushbu holatlarda tabiiy gaz hajmini hisobga olish uchun o‘rnatilgan bir marotabalik nazorat tamg‘asi qasddan buzilgan, hisoblagichdagi manifold qismi tenglashtiruvchi jo‘mraklari qisman ochiq holatda bo‘lgan (ulash tartibi bo‘yicha to‘liq yopiq holatda bo‘lishi kerak).

Shuningdek, o‘rnatilgan gazni hisobga olish uskunalarida nazorat qilinadigan ma’lumotlar iste’molchilar aralashuvi bilan qisman yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yilgan, ya’ni gazni hisobga olish uskunasining elektr ta’minoti tizimidan vaqti-vaqti bilan uzib qo‘yish yo‘li bilan iste’mol qilingan tabiiy gaz hajmining haqiqiy ko‘rsatkichlari hisobotlardan yashirib kelingan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlariga taqdim qilindi.