7-avgust kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Qo‘rg‘ontepa tumani Kengashi sessiyasida Halilov Alisher Olimjonovich Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Alisher Halilov 1984-yilda Qo‘rg‘ontepa tumanida tug‘ilgan. 2004-yil Andijon muhandislik iqtisodiyot institutini, 2014-yilda Prezident huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi oliy maktabni tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida bir necha sanoat korxonalarida rahbarlik lavozimlarida mehnat qilgan.

Mazkur lavozimga tayinlanguniga qadar Andijon viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-iyul kuni o‘tkazgan videoselektorida 12 nafar hokim qatorida Qo‘rg‘ontepa tumanini qariyb uch yil boshqargan hokim Elyorbek Nabijonovni ham ishdan bo‘shatish bo‘yicha topshiriq bergandi. Lavozimdan ketishiga “faoliyatida investitsiya muhiti qoniqarsizligi, ko‘rsatkichlar pastligi” sabab qilib ko‘rsatilgan. Shuningdek, davlat rahbari ishdan olingan 12 hokimning faoliyatini tekshirishni buyurgan edi.