2022-yil 1−2-iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan voqealarni bartaraf etishda noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etgan Ichki ishlar vazirligi tizimida ishlagan xodimlar jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudining 2023-yil 4-avgustdagi hukmi bilan 1996-yilda tug‘ilgan T. A. va 1985-yilda tug‘ilgan X. S. Jinoyat kodeksining 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Ularning har biriga 2 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, 1979-yilda tug‘ilgan J. M. Jinoyat kodeksining 117-moddasi 2-qismi (xavf ostida qoldirish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) va 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Unga 1 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Birinchi instansiya sudining ushbu hukmidan norozi tomonlar qonunchilikda belgilangan tartibda Buxoro viloyat sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi.