Senatning qirq uchinchi yalpi majlisida “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, sudlarda ishning hajmi keskin ortgani ishlarni qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqish imkoniyatining yo‘qolishiga olib kelib, bu fuqarolarning e’tirozlari ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

Uzil-kesil qaror qabul qilishda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini uch bosqichli tizim vositasida tekshirish imkoniyatlari cheklangani sababli mazkur tizimni o‘rta bo‘g‘inning — viloyat sudlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan.

Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlarini shikoyat (protest) asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida qayta ko‘rishga doir protsessual normalarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha vakolatlarni viloyat sudlariga va ularga tenglashtirilgan sudlarga o‘tkazishga hamda yuqori instansiya sudlari tomonidan quyi sudlar qarorini bekor qilgan holda ishni yangitdan ko‘rish uchun quyi sudga yuborish amaliyotini tugatishga doir protsessual normalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, appelyatsiya shikoyatini berish muddatini 20 kundan 10 kunga qisqartirilmoqda.

Qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish vakolati viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga o‘tkazilmoqda.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.