Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasini pochta jo‘natmalari orqali xorijdan olib kelish va qadoqlab sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.

Xususan, 2 ta holatda Xitoy davlatidan 6 nafar O‘zbekiston fuqarosi nomiga yuborilgan pochta jo‘natmalari ko‘zdan kechirilganda, ularning ichida poliyetilen paketlarga solingan, oq rangli, kukunsimon, hidsiz moddalar borligi aniqlanib, ekspertizadan o‘tkazildi.

Natijada ushbu moddalarning sof og‘irligi 75 kg 373 grammni tashkil etib, ular “pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi ekanligi aniqlandi. Lekin jo‘natmalarga doir hujjatlarda yuk egalari “pregabalin” moddasining haqiqiy nomini yashirib, go‘yoki kosmetik xom-ashyo sifatida ko‘rsatishgan.

Tezkor tadbir davomida ushbu jo‘natmalarni jinoiy guruh vakili qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, guruhning qolgan 4 nafar a’zosi ham protsessual tartibda qo‘lga olindi.

Ular tomonidan ijaraga olingan xonadonda esa kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qadoqlash uchun mo‘ljallangan kichik laboratoriya borligi aniqlandi. Ushbu manzilda “pregabalin” moddasi bo‘sh kapsulalarga qadoqlanib, so‘ngra ijtimoiy tarmoqlar orqali uning sotuvi yo‘lga qo‘yilgan.

Xabarda aytilishicha, jinoiy guruhdan olib qo‘yilgan 75 kg 373 gr “pregabalin” moddasidan 150 ming donadan ortiq kapsula ko‘rinishidagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tayyorlanishi mumkin edi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Pregabalin”, bu — epilepsiya, nevropatik og‘riqlar kabilarda ishlatiladigan sintetik dori vositasi. Uning yon ta’siridan biri eyforiyadir. Giyohvand moddalarni suiiste’mol qilganda, qaramlik shakllanadi. Dori nomlaridan biri — Lirika.